BOLALIKDAN SUYGAN YULDUZIM

Bolalik – beg‘ubor fasl. Uning o‘yinqaroqligi bilan birga vazmin va mas’uliyatli jihatlari ham bisyor. Ko‘p kitob o‘qirdik. Darsdan tashqari esa uyimizga keladigan bir taxlam gazeta va jurnallarni qiziqib varaqlab chiqardik. Ular orasida «Tong yulduzi» gazetasi meni hayotga oshufta qilgan, desam, mubolag‘a emas.







«Tong yulduzi» gazetasiga sinfimizda deyarli hammamiz obuna bo‘lardik. Gazeta tarqatilishi bilan dars ham esdan chiqib, darrov uning sahifalarini varaqlab chiqardik. Shunchalik qiziqish kuchli bo‘lgan. Ustozimizning «Varaqlab bo‘lgan bo‘lsalaring yig‘ishtirib qo‘yinglar, uylaringga borib o‘qiysizlar», degan gapidan keyin uni avaylabgina sumkamizga solib qo‘yardik.

Uyga keliboq, darhol gazetani qo‘limizga olib, she’rlarini yod olardik, maqolalar bilan tanishardik. O‘sha xotiralarni bugun eslasam, qandaydir yuragim junbushga keladi. Demak, bolaligimiz ma’naviy sahifalarga boy bo‘lgan ekan. Bu esa yillar davomida hayotni sevish, Vatanga muhabbatli bo‘lish, insoniylik, odamgarchilikdan saboq olib ulg‘ayishimizga asos bo‘lgan ekan.


Esimda, qaysidir yili maktabimizda taniqli shoir va adib, «Do‘stlik» ordeni sohibi Yo‘ldosh Sulaymon bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvni katta qiziqish bilan kutgan edik. Shaxsan mening xayolimdan «Shunday taniqli shoirning o‘zi bilan uchrashib turibmizmi?!» degan bolalarcha xayol o‘tgandi. Sababi, uning she’rlarini «Tong yulduzi»da ko‘p o‘qirdik. Ustoz o‘sha mahallarda biz uchun buyuk darg‘a, qo‘l yetmas yulduzdek tuyulardi. Uchrashuvda uning bolalarcha nigoh bilan gapirishlari, bizlarga kitob o‘qishning sirlari haqidagi da’vati hamon kechagidek ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. O‘shanda Yo‘ldosh aka «Tong yulduzi»ning har bir sonini muntazam o‘qib borishimiz kerakligini aytgandilar. Ana shu fikrlari meni gazetaning hamma sonlarini qoldirmasdan o‘qib borishimga sabab bo‘lgan edi.

Gazeta bugun ham chop etilyapti. Unda qalami o‘tkir jurnalistlar, shoir va yozuvchilarning maqolalari e’lon qilib boriladi. Mamlakatimiz bolalarining qalbidan joy olgan nashr ijodiy jamoasiga yuksak muvaffaqiyatlar tilayman. 

Soyib MIRZO,

O‘zbekiston Yozuvchilar va jurnalistlar uyushmasi a’zosi, 

«Mahalla» telekanali muharriri


Comments

Popular posts from this blog

MEN DEPUTAT BO‘LMOQCHIMAN!

DIQQAT, TANLOV! BOYLIKNI BOLALIKDAN ASRANG!

MEHR NURI YOG‘AR DOIM...

IJODKORLAR UCHRASHUVI

BIZ HAQIMIZDA

KO‘HNA TOL BESHIKDAN YARALGAN DUNYO

DUNYODAGI ENG YAXSHI O‘QITUVCHI