GADJETLARDAN FOYDALANISH VAQTI QANCHA?
Oʻtgan hafta koʻrikdan oʻtish maqsadida oilaviy poliklinika markaziga bordim. Shifokorlar koʻrigida aylanib-aylanib navbat okulistga keldi. Eshik oldida gala ayollar va bolalar. Navbatning uzunligini aytmasam ham boʻladi. Qizigʻi, onalar oʻzlarini emas, farzandlarining koʻz nurlarini tekshirtirgani kelishgan ekan.
Yana oʻzimdan misol, opamning ikki egizak farzandlari bor. Jiyanlarimga oʻzim ularning yoshida miriqib koʻrgan multfilm, badiiy filmlarni qoʻyib berib, kelinglar, birga maza qilib koʻramiz, desam yomon qarab qoʻyishadi. Undan koʻra tik-tok qoʻyib bering, deyishadi. Yaqinda shu mavzuda oila, bolalar va oʻsmirlik davri psixologi Shoira Isakova bilan suhbatlashdim.
– Telefondan koʻp foydalanadigan bolalar oʻz tengdoshlaridan 2–3 yoshga orqada qolishi, 9–10 yoshli bolalarda bir kunda 3 soatdan koʻp gadjetlardan foydalanish qandli diabet, semirish kabi kasalliklarga olib kelishi, 15–16 yosh oʻsmirlarda suyaklarning moʻrtlashishiga olib kelishi aniqlangan.
Farzand tarbiya qilayotgan onalar gadjetdan iloji boricha kamroq foydalanishlari tavsiya etiladi. Birinchi navbatda, bola kichkina boʻlganligi uchun uning koʻz nuri hali toʻliq shakllanmagan, bola hali uzoqni yaxshi koʻra olmaydi. Bola telefonni qoʻliga olib, yaqindan tomosha qiladi. Natijada bola keyinchalik yaqinni yaxshi koʻra olmaydigan boʻlib qolishi mumkin. Aqliy rivojlanish paytida yoki psixik rivojlanish bosqichlarida muloqotning kamayib ketishi, farzand bilan qisqa muddatlarda koʻrishishlar ham bolalarni oʻz holiga tashlab qoʻyilganidan natijada nafaqat koʻz nuri pasayishi, balki boshqa yirik muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Gadjetlar bolaning hayotiga foydali taʼsir koʻrsatmaydi. Telefondan uzoq vaqt foydalanish, kichik ekrandan doimiy ravishda video koʻrish, oʻyin oʻynash bolalarning sogʻligʻiga yomon taʼsir qiladi. Koʻrish, umurtqa pogʻonasi, bosh ogʻrigʻi, charchoq va ortiqcha vazn bilan bogʻliq muammolarga olib keladi. Telefondan ortiqcha foydalanish oʻrganishni kamaytiradi, qiziqishni pasaytiradi va diqqatni jamlay olmaslikka olib keladi. Qush uyasida koʻrganini qiladi. Avvalo ota-onalarning oʻzi gadjetlardan kamroq foydalanishlari kerak.
Boshqa bir tomondan qarasak, haqiqatdan ham bu tizim juda qulay. Insonga juda koʻp imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Tanganing ikki tomoni boʻlganidek, foyda va zararlari ham bor. Internet orqali uydan koʻchaga chiqmasdan masofadan taʼlim olish, istalgan kitobni elektron shaklini topib, oʻqish xatto pul ishlab topish mumkin. Faqat toʻgʻri foydalanishni bilish kerak.
Ota-onalar kamroq gadjetlardan foydalanishlarini istardim. Farzandlarini internetdan foydalanishni taʼqiqlashlari emas, nazorat qilishlari kerak. Negaki, internet cheklovi bolaning xulqiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bola odamovi, real hayotga yomon nazar bilan qaraydigan, qoniqmaydigan, ajablanish, xursand boʻlish hissi yoʻq boʻlib qoladi. Agar internet dars va oʻqish maqsadida ishlatilsa, cheklovning keragi yoʻq, aksi boʻlsa, cheklash kerak. Birinchi navbatda, internetdan foydalanishni oʻrgatish kerak. Internet – deyarli barcha qiziqishlarni qondirish makoni. Undan toʻgʻri va unumli foylanish oʻzimizga bogʻliq.
Azizbek ABDUMALIK o‘g‘li
Comments
Post a Comment