HANUZGACHA ERTAKLARDA YASHAYMAN…
San’atkor ko‘ksiga insoniyat qalbini sig‘dira olgan inson. Bunday ta’rif berilganda, ko‘z oldimga hamisha o‘ychan, hamisha mag‘rur Dilorom Karimovaning siymosi keladi. Dilorom opa bilan suhbatlashar ekanman, To‘maris, Janna d’Ark, Qurbonjan dodxoh haqidagi afsonalarning afsona emasligiga, bularning bari haqiqatligiga bo‘lgan ishonchimni mana shu san’atkor ayol shaxsiyati keltiradi.
O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova – fikr oshig‘i. Dilorom Karimova darajasida fikrlaydigan, ijod qilgan aktyor yo rejissorlar bizda sanoqli. San’atkorning mushohadalari, mulohazalari, xulosalari barcha makon va zamon uchun ham dolzarb. Bu ijodkor – «Opa-singillar» seriali, «Zabarjad», «Narigi sohilda qolgan bolalik», «Novda», «Parizod», «Tanho qayiq», «Ilhaq» nomli badiiy filmlardagi betakror rollari bilan sizga yaxshi tanish.
Ushbu sahifamiz orqali sizni o‘sha – xalqimizga birday manzur bo‘lgan rollar ijrochisi, sevimli ijodkor, kamtar va vazmin inson – Dilorom Karimovaning bolalik xotiralari bilan tanishtirishni niyat qildik.
– Men 1948-yilda Toshkentda ziyoli oilada tug‘ilganman. Otam Abdumalik Ibrohimov – jurnalist, pedagog, yurist kasblarida faoliyat yuritgan. Onam Muazzam ayaning kasbi shifokor bo‘lgan va u Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkentdagi gospitalda faoliyat yuritgan. Oilada olti nafar farzand edik: besh qiz va bir o‘g‘il.
Bolalik xotiralari qabrgacha qoladi. Bolalikdagi ilk emotsional xotiralarning bari muhrlanib qoladi. Mening hatto bir yarim yoshimdagi bir-ikki lavhalar xotiramda qolgan. Otam maktabda direktor bo‘lib ishlardi. Peshinda, tushlik qilish uchun uyga kelganlari, zinalardan tushib, qo‘limdagi qo‘g‘irchog‘im bilan menga olib berishgan chiroyli tuflichalarimga mahliyo bo‘lib, otamni chaqirib kelganim... yodimda.
Onam juda bolajon inson edilar. Bolaligimda ko‘p ertak eshitganman. Men uchun ertaklar alohida ahamiyatga ega. Aynan ertaklar meni g‘am-g‘ussa, umidsizlik va hasratdan asraydi. Hanuzgacha ertaklarda yashayman. Bu esa menga hayotda juda katta yordam beradi: g‘azab va jahlni ketkazadi, tevarak-atrofga tamomila boshqa nigoh bilan qarashni o‘rgatadi.
ADASINING QIZI
Uyimiz chinakamiga «ijro komiteti» edi. Otam hali ishga chiqib ketmaslaridan oldin, saharlab, ota-onalar eri urgan qizlarini, haqoratlangan, tuhmatga uchragan farzandlarini olib kelishardi. Otam gazetada ishlardi. U paytda jurnalistlar to‘rtinchi hokimiyat, degan gaplar to‘ppa-to‘g‘ri edi. Butun hokimiyat jurnalistlardan qo‘rqardi. Uning ustiga otam qo‘rqmas felyetonchi edi. O‘sha o‘g‘ri, hayosiz masjiddagi domlalarni ham «urib» chiqqanlar. Hokimlar, prokurorlar, «Chorsu»dagi katta bir restoranning egasini ham ayamasdan yozgan. Uyimizga gazetaga o‘ralgan o‘ram-o‘ram pullar bilan kirib kelishardi. Otam ular bilan gaplashib, chiqarib yuborardi.
Biz juda kambag‘al yashaganmiz. Uyimizda gilamimiz bo‘lmasdi. Oltita bolani oylik maoshga boqish oson emasdi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, otam biror marta pora olmasdi. Onamni erka, hayotning ko‘p sharoitlarini tan olmaydigan, o‘z xayollari bilan yashaydigan ayol, deb bilardim. Ko‘zlari ko‘rmay qolganda, bu holni shu darajada mardonavor qabul qildilarki, hech nolimadilar. Faqat kulib turib: «Mayli, bir kun ochilar, hech narsa qilmaydi», deb qo‘ydilar, xolos. Dunyoni radio orqali bila boshladilar. Bir kuni oldilariga borsam, ma’yusgina bo‘lib: «Qizim, bugun bir kuy eshitdim… Shunaqa yig‘ladim-ey, shunaqa yig‘ladim-ey…», deb yana yig‘lab yubordilar. …Men bu holatni tushundim. Kuyda, ushalmagan orzu-armonlar, o‘tib ketgan umr – hamma-hammasi bor edi. Ota-onam taqdiriga qarab shuni angladimki, dunyodagi fojialarning eng zalvorlisi ikki qalb bir-birini tushunmasligi ekan. Ikkalasining ham o‘z hayotiy haqiqati bor. Mana shu ikki xil haqiqat bilan bir-birini qiynaydi. Men shunaqa oilada ulg‘aygan man. Onam Turgenev, Tolstoylar dunyosida yuradigan hassos qalb, go‘zal ayol bo‘lsa, otam – hayot qiyinchiliklariga bardosh berib, umrining oxirigacha pokizaligini saqlab qolgan inson edi. Men esa shu ikki qadrdon insonlar orasida girdikapalak bo‘lib, ular azobini tushungan, ikki tomon tushunmovchiligidan qiynalgan farzandman.
O‘QUVCHILIK DAVRI...
Maktabda «a’lo» baholarga o‘qiganman. Matematika bo‘yicha olimpiadalarda tez-tez qatnashib turardim. 9-sinfga o‘tganimda matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktabga o‘tdim. O‘quvchilik paytlarimda astronomiya faniga juda qiziqqanman va astronom bo‘lishni orzu qilganman. Menda koinotga, yulduzlar, sayyoralar tizimi, o‘zga galaktikalarni o‘rganishga qattiq qiziqish bo‘lgan. Ammo san’at, teatr meni ko‘proq o‘ziga jalb qildi. Ota-onam ziyolilardan bo‘lishgani uchun oilaviy hammamiz birgalikda Muqimiy nomidagi musiqali komediya teatri hamda Yosh tomoshabinlar teatriga spektakllarni tomosha qilish uchun borardik. Bo‘yim kichkina bo‘lganligi uchun teatrni tik turib tomosha qilib, qalban sahna ortidagi olamga talpinardim. Aynan ana shu vaqtlarda qalbimda teatrga nisbatan muhabbat uyg‘ongan bo‘lsa, ajabmas.
Baxtimga men juda yaxshi odamlarni uchratganman. Yaxshi insonlarni tarbiyasini olganman. Ularning himoyasida bo‘lganman.
DRAMA TO‘GARAGIDAN KEYIN...
11-sinfda o‘qirdim. Qismat… Baribir ichingdagi kuchli bir tuyg‘u seni o‘z qismatingga yetaklab kelar ekan. Darsdan chiqib, yo‘lda kelayotsam, bir e’longa ko‘zim tushib qoldi. Unda havaskorlar teatriga yosh iqtidorli o‘g‘il-qizlar taklif qilinadi, deb yozilgan edi. Maktabdan kelayotganimda, sekin kirdim, repetitsiya bo‘layotgan ekan. U yerda aktyorlik mahorati bo‘yicha birinchi ustozim Ahmad Yunusovni uchratdim. U taniqli bastakor Yunus Rajabiyning to‘ng‘ich o‘g‘li, aktyor Obid Yunusovning akasi edi. Ahmad Yunusov O‘zTV ning musiqiy redaksiyasida ishlar, havaskorlar to‘garagida spektakllarni sahnalashtirishga juda qiziqar edi. Ahmad aka men bilan savol-javob qildi. O‘shanda Mannon Uyg‘urning «Tong» she’rini o‘qib berdim. Ahmad aka menga uzoq qarab qoldi. Meni teatrga taklif qildilar. Maktabdan keyin haftada ikki marta qatnay boshladim. O‘quvchiligimdayoq «Shubha», «Yurak sirlari» spektakllarida rol ijro etdim. Bu spektakllar yozib olinib, TVda berildi.
Maktabni bitirgach, o‘qishga topshiradigan vaqt keldi. Shunda ustozim Ahmad Yunusov oldiga chaqirib, sen tibbiyot institutiga topshir. Sendan zo‘r shifokor chiqadi, dedi. Men o‘ylanib qoldim. Hammasi yaxshi ketayotgan bo‘lsa, meni e’tirof etib, maqtab turgan edilar-ku. Nega bunday deyapti?! Ahmad aka, men san’at oliygohiga topshirmoqchi edim… Hech qachon, dedi Ahmad aka qat’iy. U kishi mening fe’lim teatrga mos kelmasligini, u meni ilm-fan bilan shug‘ullanishim kerakligini aytgan edi. Axir maktabni ham oltin medal bilan bitirgan edim-da. Buning ustiga, otam ham meni teatr institutiga hujjat topshirishimga qarshi edi. O‘sha paytlarda otam televideniyedagi musiqa redaksiyasida ishlardi. Men aynan shu payt televizion spektaklda yomon kelin rolini o‘ynayotgandim (bu vaqtda maktabni bitirish arafasida edim). Spektaklning efirga uzatilishini rejissorlik guruhi bilan birgalikda otam ham kuzatayotgan edi. Spektakldan keyin hamma xodimlar meni qarsaklar bilan kutib oldilar va otamni ham tabrikladilar. Ana shundan keyingina otam meni teatr institutiga kirishimga ruxsat berdi. Biroq ustozim Ahmad Yunusov tibbiyot oliygohiga hujjat topshirishimni qattiq talab qilib turib oldi. Men baribir hujjatlarimni teatr oliygohiga topshirdim. Bir kuni A.Yunusov repetitsiya vaqtida rol sahifalari orasida imtihon qog‘ozini ko‘rib qolganida, qattiq darg‘azab bo‘ldi. Yolg‘on evaziga ustozdan tarsaki yedim. Bundan aslo xafa bo‘lmadim. Ustozimning nega bunday qilganlarini keyinchalik tushunib yetdim. San’atga kirib kelayotganimda, uning barcha ayovsiz shartlarini bilib, shu shartlariga rozi bo‘lganman.Bugungi bolalarning bolaligini bizniki bilan solishtirib bo‘lmaydi. Ular juda ko‘p narsalardan xabardor, yangi asr farzandlari. Biz telefonni ko‘rmagan, internet nimaligini bilmagan edik. Bugungi yoshlar telefonni «suv qilib ichib yuborishgan». Olamcha axborot kaftday telefonga joylanganini biladigan, undan ustalik bilan foydalanadigan zamonaviy yoshlar intellektual jihatdan bizdan ancha yuqorida, deb o‘ylayman. Lekin badiiy asar o‘qishga qiziqishning sustligi – ma’naviy nochorlik belgisi. Umid qilamanki, yoshlarimiz bu kabi illatlardan holi.
Bolalik – har bir insonning unutilmas yillari. Uni eslaganda goh quvonib, goh xayolga cho‘mamiz. Aziz o‘quvchilar, siz bolalik kunlaringizni har doim qadriga yeting. Shunda kelajagingiz chiroyli bo‘ladi.
Aziz ABDUMALIK
suhbatlashdi.
«Tong yulduzi» gazetasining 2023-yil 32-sonidan
Comments
Post a Comment