Vatan va mustaqillik go‘yo egizak – manbayi yurak
Bundan 31 yil muqaddam Istiqlolga erishganimizda, shoirtabiat bobom Ahmadjon ota, «Bu kunni shuncha yil dilda nola-yu ko‘zda jola bilan kutgandik, o‘sha kun keldi, qalbim yashnadi», deya shodlanib, shu she’rni oila a’zolari, odamlarga qarata aytgan ekan:
Keling do‘stlar, kuylashaylik,
Quvonchli, hur zamon keldi.
Har ko‘ngilda g‘urur naqshi,
Sururi jovidon keldi.
O‘tgan yili viloyat Yozuvchilar uyushmasining «Oltin qalam» nomli to‘garagi tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlandim. Bu rag‘bat meni yanada ko‘proq ijod qilishga undadi.
Tadbirlarda ingliz tilida she’rlar o‘qiyman. Shu sabab, bir necha bor tashakkurnoma bilan ham taqdirlanganman.
Kelajakda O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetiga o‘qishga kirmoqchiman. Diplomat bo‘lib, Vatanimiz mavqeini yanada yuksaklarga ko‘tarish niyatim bor.
Biz Vatan deya jonini tikkan, milliy g‘ururi yuksak qoyalardan-da baland bo‘lgan ajdodlar avlodimiz. Faxr, g‘urur tuyg‘ularidan qalbimda shunday misralar tug‘ildi:
Hurlikka yetishgan elning qiziman,
Olim ajdodlarni odil so‘ziman,
Shu farovon yurtning yorug‘ yuziman,
Vatanga sodiq o‘zbek qiziman.
Ha, biz yoshlar uchun hozir ulkan imkoniyatlar eshiklari ochiqligi, ozod va obod o‘lkada yashayotganimiz, bizni har jabhada qo‘llaguvchi Yurtboshimiz, ota-onamiz, ustozlarimiz borligi, buyuk bobolarimiz ruhi hamisha yorligi, qalbimizda yangi yutuqlarga chorlayotgan Mustaqillik tuyg‘usidan har qancha faxrlansak arziydi. Shunday ekan, olayotgan beminnat bilimimiz-u non-tuzimizni oqlab, jannatmakon o‘lkadagi tinchlikni qadrlab, bugunimizdan-da porloq kelajak sari faqat olg‘a intilishimiz zarur.
Durdona AHMADJONOVA,
Marg‘ilon shahridagi Erkin Vohidov nomli ijod maktabining 9-sinf o‘quvchisi
Juda chiroyli fikrlar bildiribsiz
ReplyDelete