SEVIMLI GAZETAMDA BIR KUN
Akamning ikki-uch kundan beri kayfiyati yaxshi. Sababini so‘rasam, senga bergan va’damni bajaryapman, yakshanba kuniga chipta olganman, Toshkentga sayohatga olib boraman, deb qoldi. Quvonchdan akamni quchib oldim. Chunki o‘qish boshida a’lo baholarga o‘qisang, Toshkentga olib boraman, degandi-da. A’lo baholarga o‘qish bilan birga, «Tong yulduzi» gazetasida e’lon qilingan «Inson huquqlari – bolalar nigohida» ko‘rik-tanlovida g‘olib ham bo‘lib, diplom va sovg‘alar bilan taqdirlangandim...
Bugun 9-iyul. Ertalab akam bilan Qo‘ng‘irotdan 1200 kilometr masofada joylashgan poytaxt tomon poyezdda yo‘l oldik. Poyezdda buvim bilan tengdosh nukuslik onaxon, mendan 4–5 yosh katta xo‘jaylilik bokschi qizlar va 3 yoshli sho‘x va beg‘ubor bolakay bizga bir vagonda hamroh bo‘lishdi. Suhbatga berilib ketganimizdan, vagon kuzatuvchisining «Toshkentga yetib keldik, hurmatli yo‘lovchilar!» deb ogohlantirishini arang eshitibmiz.
Poyezddan tushganimizdan keyin akam meni metroda sayr qildirdi. Sevimli gazetam tahririyatiga «Alisher Navoiy» bekatidan o‘tib borilarkan. Tahririyat ijodkorlaridan bizni Nodira opa, Feruz aka, Ziyoddulla aka, Fotima opa samimiy qarshi olishdi.
Kelishimizni bayramdek kutib olgan va shirin mevalar bilan siylagan tahririyat xodimlaridan juda xursand bo‘ldik. Yaqinda nashrdan chiqqan qoraqalpoq va o‘zbek tilidagi she’r hamda hikoyalarimdan iborat «Mehribon ona qaldirg‘och» nomli ilk kitobimni tahririyatga sovg‘a qildim. Esdalik uchun suratga ham tushdik. So‘ngra, bo‘lim muharriri,ko‘p yillardan beri ijodiy ishlarim matbuot nashrlarida chop etilishida yaqindan yordam bergan, onamday mehribon Nodira opa bizni Xadra maydoniga olib bordilar. U yerda Milliy teatr binosini, Davlat sirkini, ko‘rkam favvoralarni katta zavq bilan tomosha qildim. Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida bo‘ldik. Toshkentga bo‘lgan sayohatim taassurotlarga boy kechdi. Buning uchun Islam akamdan minnatdorman.
Toshkentda yana kelishni, ustozlarning samimiy suhbatidan bahramand bo‘lishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim. Sizga rahmat, samimiy va bolajon tahririyat xodimlari!
Nilufar TO‘REMURATOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi,
Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-ayrim fanlarni chuqurlashtirib o‘qitiladigan maktabning 7-sinf o‘quvchisi
Comments
Post a Comment