JADIDLARDAN HIKMATLAR
MAHMUDXO‘JA BEHBUDIY
Ey muhtaram yoshlar! Aziz birodarlar, o‘g‘ul to‘ylarig‘a sarf qilaturgon aqchalaringizni mana shul ilm zamoni yo‘lig‘a sarf etingiz, sizdan o‘g‘lungizg‘a mol meros qolmasun, balki, albatta, ilm, tarbiya meros qolsun.
* * *
Ey g‘ayratlik yoshlar! Nifoq va bir-birig‘a dushmanlikni tashlangiz. Xudo haqqi, arvohi anbiyo hurmati va bu kunlarda qornini to‘yg‘izolmayturgon yetim va bevalar haqqi, bir-biringiz ila ittifoq etub, jamiyatlar barpo qilub, xoliq Xudoning nafig‘a, din va millat yo‘lig‘a xizmat etingiz. Millat va xalq sizdan xizmat va yaxshilik talab etadur, nafsoniyat va g‘urur emas.
ABDULLA AVLONIY
Umumiy milliy tilni saqlamoq barobarida, xususiy – og‘iz orasidagi tilni ham saqlamoq
lozim. Chunki so‘z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o‘lchab ko‘rsatadigan
tarozusidir. Tillarning eng yaxshisi so‘zga usta til, so‘zlarning eng yaxshisi bilib va oxirini o‘ylab aytilgan so‘zdir.
* * *
Go‘zallik yuzda ermas, ey birodar,
So‘zi shirin kishi har kimga yoqar.
So‘zing oz bo‘lsin-u, ma’noli bo‘lsun,
Eshitkanlar qulog‘i durga to‘lsin.
So‘zing bo‘lsa kumush, jim turmak oltun,
Misi chiqg‘ay, so‘zing ko‘p bo‘lsa, bir kun.
Ko‘paygan so‘zni bo‘lg‘ay to‘g‘risi oz,
Shakarning ko‘pidan ozi bo‘lur soz.
* * *
So‘zning qisqasi, hozirgi zamonga muvofiq kishi bo‘lmoq uchun ilm va ma’rifat bilan bir qatorda iqtisod, insof, tuganmas harakat, bitmas g‘ayrat lozimdir.
«Tong yulduzi» gazetasining 12-sentyabr 2022-yil sonidan.
Comments
Post a Comment