QARZ QAYTARISHNING BIR YO‘LI BOR..
Bugun universitetga shoshyapman. Hecham bunchalik kech qolmagan edim. Kompyuterimdan kechagina tayyorlab qo‘ygan ishimni olish uchun yoqmoqchi bo‘ldim. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, kompyuterim ishdan chiqibdi. Moddiy jihatdan qiynalib turgan bir paytda-ya..
Darsda ma’ruzani slaydsiz boshlaganim uchun domlamdan dakki eshitdim. Dars tugashi bilan ustaxonaga boraman-da, ko‘rsataman. Axir oldinda sessiya, qiynalib qolaman-ku bunaqada, dedim o‘zimga o‘zim. Kutilmaganda ustoz Xurshid Do‘stmuhammad qo‘ng‘iroq qilib qoldilar. Quyuq salom-alikdan so‘ng boshimga tushgan shu kichik muammo haqida so‘z boshladim. Ustoz, haliyam kompyuterdamisiz, axir ijodkor bo‘lsangiz... Unda ishlash og‘irroq-ku, yana qo‘ng‘iroqlashamiz, aloqada bo‘lib turing, dedilar. Oradan ko‘p fursat o‘tmay, ustoz yana qo‘ng‘iroq qilib qoldilar va «Malika» savdo markaziga kelishimni so‘radilar. Men aytilgan manzilga yetib bordim. Ustozni har galgidan ham ochiq kayfiyatda ko‘rib, juda sevindim. Oftob har doimgidan-da ko‘proq qizdirardi. Bozorga kirishimiz bilan ustoz o‘zlariga yarashgan kepkalarni kiyib, do‘konlarni birma-bir aylanib chiqdilar. Menimcha, kimnidir axtardilar. Xullas, qidirgan odamimizni uchrata olmadik. Tavakkal bir do‘kon eshigini qoqib kiraverdik. Ustoz sotuvchiga eng sevimli shogirdlaridan biri ekanligimni aytib, meni tanishtirdilar va eng yaxshi ishlaydigan yap-yangi noutbuk qarab berishini so‘radilar. Yigit noutbukni olib chiqib, undagi qulayliklarni menga ko‘rsata boshladi.
– Qalay, Ibrohimjon, yoqdimi sizga? – dedilar ustoz.
– Ha, judayam yoqdi, muddatli to‘lovga berishsa yaxshi bo‘lardi... – dedim o‘ylanib. Ustoz tabassum bilan menga qaradilar va sotuvchi yigitdan noutbukning narxini so‘radilar. Sotuvchi otning kallasiday narxni aytishi bilan rangim oqarib ketdi. Ustoz savdolashib bo‘lgach, hamyonlaridan pul olib to‘lov qildilar.
– Ustoz, meni xijolat qilyapsiz, qanday qaytaraman sizga bu pullarni? – dedim ming xijolatda. – Qaytarishning bir yo‘li bor, – dedilar ohista.
–Yaxshi o‘qing, kerakli inson bo‘ling. Va eng muhimi, yaxshi asarlar biting. Menga eng katta qaytarig‘ingiz shu bo‘ladi! Ustoz shoshilib turgan ekanlar, ertaroq ketdilar. Sotuvchi yigit ustoz ketganlaridan so‘ng: «Aka, sizga kim bo‘ladilar bu kishi?» deb so‘radi. Sotuvchi yigitga ustozim ekanligini bildirdim. – Qoyilman! Shuncha yillar ish faoliyatimda bu kabi saxiy insonni endi ko‘rdim. Yaxshi inson ekanlar! – dedi hayratini yashira olmay.
Ibrohim RIXSIBOYEV, Toshkent amaliy fanlar universiteti talabasi
Comments
Post a Comment