CHEVARAM CHEMPION
Jamshid aka va Go‘zal opa hali maktab yoshiga ham to‘lmagan qizlari Mushtariybegimni Olmazor tumanida joylashgan 32-bolalar va o‘smirlar sport maktabiga olib bordilar. Jajji qizaloq u yerda turli xil mashqlarni epchillik bilan bajarayotgan yosh sportchilarga havas bilan boqib, zavqlanardi. Zimdan kuzatib turgan murabbiy Diyora uning qo‘llaridan ushladi-da: – Mushtariybegim, shug‘ullanib chempion bo‘lamizmi? – dedi mehr bilan.
– Ha, – deya javob bergan qizcha hamon ko‘zlarini shug‘ullanayotgan bolalardan uza olmasdi.
Shu kundan boshlab Mushtariybegim sportning «Turon yakkakurashi» turi bo‘yicha Xalqaro toifadagi sport ustasi Diyora Ahmedova rahbarligida muntazam shug‘ullanishni boshlab yubordi.
Turli yillarda o‘tkazilgan O‘zbekiston birinchiligi musobaqalarida 1-o‘rinni egallab, oltin medalni qo‘lga kiritdi. U 2021-yilda Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston birinchiligi musobaqasida ham 1-o‘rinni egallab, Respublika terma jamoasi safiga qo‘shildi. Yaqinda Osiyo Turon assotsiatsiyasi reglamenti asosida, Buxoro shahrida Osiyo kubogi musobaqasida Mushtariybegim 34 kg vazn toifasi bo‘yicha g‘olib bo‘lib, endi u Osiyoda ham eng kuchli sportchilar safidan joy oldi.
Sportchi qiz o‘zi tahsil olayotgan Shayxontohur tumanidagi 102-umumta’lim maktabining ustoz Nodira Dinniqulova rahbarligidagi 7-«D» sinfining a’lochi va namunali o‘quvchisi.
Mushtariybegim maktabda ham fanlar bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqa va tadbirlarning faol ishtirokchisi. Har o‘quv yili yakunida a’lo o‘qishlari va namunali xulqi uchun faxriy yorliq bilan mukofotlanadi. Uning hayotdagi muvaffaqiyatlarini kuzatib turib, dono xalqimizning «Sog‘lom tanda – sog‘ aql!» degan hikmatiga va haqiqatan sport bilan ilmning oshnoligiga yana bir karra amin bo‘ldim.
Yo‘ldosh KARIMOV,
sog‘liqni saqlash a’lochisi,
tibbiyot faxriysi
Comments
Post a Comment