KEGEYLIDAN JAVOB OLDIK

Aziz gazet­xon! Sizlar bilan yana g‘oyibona diydorlashib turganimizdan behad mamnunmiz. Bugun 2-yanvar, 2023-yil. 2022-yilimiz ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi, nazarimizda. Lekin ko‘ngilga tasalli beradigan bir jihat borki, o‘tgan yilimiz, albatta, siz bilan mazmunga, maroqli uchrashuvlarga boy bo‘ldi.  E’tibor bergan bo‘lsangiz, har gal siz aziz o‘quvchilar bilan uchrashganimda, eng avvalo, buva va buvila­ringizning salomatligi, yoshi bilan qiziqaman. Buvajoningiz, buvijoningizning yoshi nechada, deb so‘rayman. Bu savolimga javoban biringiz 60 yoshda, desangiz, yana bi­ringiz 65, yana kimdir 70, qay biringiz 75 yoshdalar, deysiz.

Juda yaxshi, umrlari ziyoda bo‘lsin, deyman-u, O‘zbekiston bolalari va o‘smirlari «Tong yulduzi» gazetasining yoshi 93 yoshda, deyman. Shunda:

– Vuy, bu gazeta mening buvamdan ham katta ekan-ku, – deya hayratlani­shingizdan zavq­lanaman. Shuning barobarida bu zavq zimmamizga nechog‘li katta mas’uliyat yuklashini yana bir bor teran his qilaman.

Kuni kecha mamlakatimiz Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi tinglandi. Unda Yangi O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivoj­lantirishga doir asosli fikrlar bildirildi, muhim vazifalar belgilab beril­di. Shuning barobarida, taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan jihatlarga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, ekologiya sohasiga alohida ahamiyat berish lozimligi ta’kidlandi. Ayniqsa, ichimlik suvi masalasi global muammoga aylanib borayotgani haqida so‘z yuritilar ekan, nafaqat bugunimiz, balki kelajak avlodlarni ham o‘ylashimiz shartligi qayd etildi. Tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish har bir fuqaroning madaniyati va amaliy harakatiga aylanishi kerakligi ta’kidlandi. Uyda, ish­xonada, ko‘cha-ko‘yda, qisqasi, hamma joyda elektr-energiyasini tejashimiz lozimligi aytib o‘tildi. Tejamkorlikni esa, eng avvalo, oilada, bog‘chada, maktabda o‘rganishimiz kerak. Bildirilgan fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda yosh avlodda tejamkorlik madaniyatini shakllantirishga, ularda ichimlik suvi, elektr-­energiyasi va tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmala­rini hosil qilishga qaratilgan an’anaviy «Boylikni bolalikdan asrang!» respublika tanlovini davom ettirishni rejalashtirdik. 



Darvoqe, o‘tgan yili «Mustaqillik madhi bolalar ijodida» respublika tanlo­vida she’riyat, insho va rasm yo‘na­lishlari bo‘yicha g‘o­lib bo‘lgan to‘qqiz  nafar tengdoshlaringiz faxriy yorliq hamda planshetlar bilan taqdirlangandi. Muassisimiz tomonidan taqdim etilgan sovg‘alarni egalariga topshirish maqsadida ularning maktabla­rida bo‘lganimizda, bir holat e’tiborimizni tortdi. Ya’ni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Kegeyli tumanidagi 11-, Jizzax viloyati, Baxmal tumanidagi 51-, Farg‘ona shahridagi 18- umumta’lim maktablari o‘quvchilari­­ning kitobxonligi, gazetxonligidan sevindik. 

Garchi bu ta’lim maskanlarida o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar havas qilarli darajada bo‘lmasa-da, u yerdagi ta’lim-tarbiya jarayonlari, o‘quvchilarning ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqi bizni behad quvontirdi. Tanlov juda munosib bo‘libdi, degan fikrga keldik. Umid qilamizki, ko‘zlari chaqnab turgan bu o‘g‘il-qizlarimiz ertaga yurtimiz rivoji va ravnaqi uchun halol mehnat qila­digan insonlar bo‘lib yetishishadi. Hatto faollar zali ham bo‘lmagan mazkur bilim dargohi o‘quvchilari hamda o‘qituvchila­rining, «Qani edi, bizning maktabimiz ham zamon talablariga to‘liq javob beradigan bo‘lsa...», deya orzu-istaklarini izhor etish­lari bizni Muhtaram Prezidentimizga maktub yo‘llashga undadi. 

Bugun maktubimizga qisman javob ham oldik. Murojaatnomada 2023-yilda yurtimizda 70 ta yangi maktab qurilishi, 460 tasi kengaytirilishi aytib o‘tildi. Demak, yaqin kunlarda biz tilga olgan yuqoridagi umumta’lim maktablari hududida ham yangi binolar qad rostlasa, ajabmas. 

Gazetamizni sahifalash jarayonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Kegeyli tumani hokimining birinchi o‘rinbosari I. Abilbayevdan quyidagi mazmunda xat oldik:

«Kegeyli tuman hokimligi sizning 2022-yil 28-noyabr­dagi 153150-s 22-sonli murojaatnomangizga javoban 1971-yilda 180 nafar o‘quvchiga mo‘ljallab qurilgan Kegeyli tumani «Aktuba» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 11-umumta’lim maktabida bugungi kunda 230 nafardan ziyod o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotganini, aholi soni ortishi bilan maktab o‘quvchilarining soni ham kun sayin ortib borayotganini inobatga olib, mazkur maktab 2023–2026-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritilishi rejalashtirilganini ma’lum qilamiz».

O‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasiga, demakki, kelajakka befarq bo‘lmagan Kegeyli tuman hokimiyati mutasaddilariga rahmat!

 Yaxshi xabarlar bilan kirib kelgan Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

Feruza Adilova, 

«Tong yulduzi» gazetasi bosh muharriri 




Comments

Popular posts from this blog

MEN DEPUTAT BO‘LMOQCHIMAN!

DIQQAT, TANLOV! BOYLIKNI BOLALIKDAN ASRANG!

MEHR NURI YOG‘AR DOIM...

IJODKORLAR UCHRASHUVI

BIZ HAQIMIZDA

KO‘HNA TOL BESHIKDAN YARALGAN DUNYO

DUNYODAGI ENG YAXSHI O‘QITUVCHI