TEATRDA BAYRAM TANTANASI
«Tomosha» bolalar teatr studiyasi har doimgidek, jajji bolajonlar bilan gavjum. Bu safargi tadbirda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, kam ta’minlangan oilalar hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ichki ishlar xodimlari va harbiy xizmatchilarning farzandlari qatnashdi.
«Tomosha» bolalar ijodiy studiyasining jajji aktyorlari ishtirokida «Yangibekning orzusi» nomli teatr tomoshasi namoyish etildi. Shuningdek, bolajonlarning multfilmdagi sevimli qahramonlari sahnada gavdalandi. Kino va teatr aktyorlari Muhammad Iso Abdulxairov va Nigina Anorboyevaning chiqishlaridan yosh tomoshabinlarning yuzlariga tabassum yugurdi. Turli o‘yinlar, tez aytishlar-u topishmoqlar bayramga yanada jo‘shqinlik bag‘ishladi.
– Sahna ko‘rinishlarini ko‘rib, mazza qildik. Bir olam quvonch, taassurot oldik. Men bu bayramni har yili intiqlik bilan kutaman. Barcha tengdoshlarimizni kirib kelgan yangi yil bilan chin dildan tabriklayman, – deydi 22-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Shahrizoda Hamidova.
Teatr tomoshasi tugagach, Qorbobo va Qorqiz topqir, zehnli va ziyrak bolajonlarga Prezident sovg‘asini topshirdi.
Azizbek ABDUMALIK o‘g‘li
Comments
Post a Comment