SHAHZODNING O‘Z AVTOMOBILI BOR
Ayni texika va texnologiya zamonida barcha o‘z avtomobili bo‘lishini istaydi. Balki siz ham katta bo‘lsam, mana bunaqa rusumdagi mashina haydayman, deb orzu qilayotgandirsiz? Agar orzungizdagi avtomobilni o‘zingiz yasab olsangizchi? Buning iloji yo‘q emas, albatta! Agar siz ham buxorolik tengdoshingiz Shahzod Erkinovdek izlansangiz, albatta, o‘z avtomobilingizni yarata olasiz, bunga ishonavering!
O‘zi yasagan elektromobil bilan ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan tengdoshingiz Shahzodga bunday yutuqqa erishishida kim ko‘mak berganligi haqida bilmoqchimisiz? Unda suhbatimizga siz ham qo‘shiling! Ayni damda, Buxoro viloyati, Vobkent tumanidagi ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Shahzod Erkinov darsdan bo‘sh vaqtlarida o‘zining qiziqishlaridan kelib chiqib turli ixtirolar bilan shug‘ullangan. Tengdoshingiz ayni damgacha «Smart sumka», «Aqlli ruchka», «Sumo mashinasi», «Lazerli printer» va boshqa ko‘plab modellarni yaratgan. Uning erishgan yutuqlari ko‘p bo‘lsa-da, biz uchun qiziq bo‘lgan elektromobilga to‘xtalishga qaror qildik. – Avtomobil yasashga qiziqishim 2020-yillardan boshlangan. Dastlab, turli ijtimoiy tarmoqlarni qidirib, elektromobillar to‘g‘risida ma’lumotlar to‘pladim. So‘ngra, Buxoro shahrida joylashgan IT PARKda viloyat iqtidorli o‘quvchilari o‘rtasida «Robototexnika» yo‘nalishida tashkil etilgan tanlovda «Walli» nomli repetitor roboti bilan ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni egalladim. Orzum o‘zimning shaxsiy avtomobilim bo‘lishi edi. Uni amalga oshirish maqsadida ishni dadam bilan elektromobil uchun Xitoy davlatidan akkumulyator buyurtma qilishdan boshladik. Avtomobillarning turli namunalarini o‘rganib, retro ko‘rinishidagi mashina modelida to‘xtadim. Ko‘rinishi eskicha bo‘lgan modelga yangi, zamonaviy qurilmalardan foydalanib, «ikkinchi hayot» bag‘ishladim.
Bu elektromobil hozirda quyosh panellari orqali 8–12 soatgacha to‘liq zaryadlanadi. Bu zaryad bilan u 50–60 km yo‘l yura oladi. Uning yana afzallik tomoni, agar elektromobilni kaliti uyda qolib ketsa, qo‘l yordamida skanerlash qurilmasi orqali haydovchi mashinani o‘t oldirishi mumkin bo‘ladi. – Ushbu mashinani yaratishda ustozlaringizdan maslahatlar olib turdingizmi? – Albatta. Bunda menga maktabimizning informatika fani o‘qituvchisi Anvar Shamsiddinov hamda fizika fani o‘qituvchisi Gulnoza Hakimovalar yaqindan yordam berishdi. Bu bilan tengdoshingiz to‘xtab qolgani yo‘q. U o‘zi tahsil olayotgan ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida informatika fanidan tashkil etilgan «Yosh dasturchilar» va «Robototexnika yaratuvchilari» to‘garaklarida ham faol shtirok etmoqda. Iqtidorli o‘quvchi Shahzod Erkinovning bundan-da yuksak natijalarni qo‘lga kiritishiga ishonamiz.
Ozoda TURSUNBOYEVA suhbatlashdi.
Comments
Post a Comment