KO‘HNA TOL BESHIKDAN YARALGAN DUNYO

Asrlar osha bizgacha yetib kelgan beshiklar ne-ne buyuk ajdodlarimizning kamol topishiga xizmat qilgan. Milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi bo‘lgan bu vosita yana ming yillar davomida sog‘lom avlodni voyaga yetkazishi, shubhasiz. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, beshik qachon paydo bo‘lgan? U qanday yasaladi? 

Arxeologlar ilk beshiklar ham, sumaklar ham xuddi hozirgidek, yog‘ochdan yasalgan, deb aytishadi. Dastlabki nusxalarning bizgacha yetib kelmaganligi sababi ham aynan shu bilan izohlanadi – yog‘och vaqt o‘tishi bilan chiriydi. Muzeylarimizdagi topilmalarga asoslanadigan bo‘lsak, beshikning kashf etilishi VI – VII asrlarga borib taqaladi. Demak, XV asrki, yurtimizda beshik «taqa-tuq»i barhayot. Beshikni ayol tebratadi, erkak esa uni yaratadi. O‘zbekistonning qaysi hududida bo‘lmang, beshiksozlarni topish qiyin emas. Bugun biz poytaxtimizning Eski Jo‘va bozori hududida joylashgan beshiksozlar ustaxonasiga bordik. 

U yerda usta Ravshan aka bilan tanishdik. Bobosi vaqtida jajji Ravshanjonga o‘zining ham otasi va bobosi beshiksoz o‘tishganini aytgan ekan. Xullas, Ravshan aka beshiksozlik ularda necha avloddan buyon davom etayotganini aytolmaydi, «Ajdodlarimizning hammasi beshiksoz o‘tishgan», deydi u soddalik bilan. Hozirda uning 18 yoshli o‘g‘li Abdurahim ham o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida hunar sirlarini o‘rganmoqda.

 – Beshiksoz usta bo‘lish oson emas, – deydi Ravshan aka va Abdurahim. 

– Beshik yasash o‘ziga xos mashaqqatli ish. Yoshligimdan otamdan qunt va sabr bilan beshik yasash sir-sinoatini o‘rgandim, tajriba orttirdim. Endilikda o‘zim mustaqil faoliyat olib bormoqdaman. Chindan ham beshik yasash zalvorli yumush. Abdurahim buni o‘quvchilik kezlaridayoq anglab yetgan edi. O‘shanda 4- yoki 5-sinfda o‘qirdi. Maktabdan kelib, keng sahnli ayvonda otasining yog‘och bo‘laklariga qo‘lda ishlov berayotganini ko‘rib, uning yaqin ko‘makchisiga aylandi. Sayqallangan yog‘och bo‘laklarini beshikka o‘rnatishda yordam berdi. Asta-sekin ota kasbini ipidan-ignasigacha o‘rgandi. 

– Esimda, bir kuni otam menga yog‘och bo‘lagini berib, undan o‘roq uchun dasta yasashni tayinladi, – deb eslaydi Ravshan aka. – Bilasizmi, o‘shanda bu ishni uddalay olmasam kerak, deb o‘yladim. Lekin ko‘nglimdagi havas o‘z-o‘zimga ishonch uyg‘otdi. Bir parcha yog‘och bo‘lagiga ancha vaqt ishlov berdim. Nihoyat, dasta tayyor bo‘ldi. Otam ishimni ko‘rib, «Balli, ota o‘g‘il, dastani juda soz yasabsan», deya bergan bahosi menga haligacha bitmas-tuganmas rag‘bat bo‘lib kelmoqda. O‘shandan buyon usta Ravshan akaning bu hunarga bo‘lgan mehri jo‘shib, uni yanada ishtiyoq bilan o‘rganishni boshladi. Yog‘och bilan tillashdi, bor mehrini, kuch-g‘ayratini unga bag‘ishladi. Ana shundagina bir dona soz beshik tayyorlash va yaratish uchun kamida bir oy muddat ketishini, unga tun-u kun parvona bo‘lish sabog‘ini anglab yetdi. 

– Beshik yasash uchun asosan, tut, tol, terak daraxtlarining pishiq, ravon va ko‘stsiz (ko‘zi bo‘lmagan) tana qismlaridan xomashyo olamiz, – deydi beshiksoz.

 – Har xil hajmdagi taxtachalarni jamlab, beshikning eng qiyin joylari – qasnog‘i hamda tag qismi uchun maxsus yasaladigan beshik yo‘rg‘asini alohida qunt va e’tibor bilan ishlab chiqaman. Beshik yengil va oson, qulay tebranishi hamda uzoq chidaydigan, mustahkam, pishiq bo‘lishiga ahamiyat qarataman, – deydi beshiksoz usta. 

Kun botguncha beshik qanday yasalishini kuzatdik. Har bir ishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘lganidek, beshiksozlik ham oson emas ekan. Shunday bo‘lishiga qaramay, usta akalar beshik tayyor bo‘lgach, barcha charchoqlari chiqib ketishini aytishdi. Beshiksiz o‘zbek xonadoni bo‘lmasa kerak. Shunday ekan, beshiksozlik umrboqiy, o‘lmas hunarligicha qolaveradi. Bolajon yurtimizda esa chaqaloqlar tug‘ilaveradi, beshiklar yasalaveradi. 

AZIZBEK

 






Comments

Popular posts from this blog

MEN DEPUTAT BO‘LMOQCHIMAN!

DIQQAT, TANLOV! BOYLIKNI BOLALIKDAN ASRANG!

MEHR NURI YOG‘AR DOIM...

IJODKORLAR UCHRASHUVI

BIZ HAQIMIZDA

DUNYODAGI ENG YAXSHI O‘QITUVCHI