DUNYODAGI ENG YAXSHI O‘QITUVCHI

 «Dunyodagi eng yaxshi o‘qituvchi» («Global Teacher Prize») nomli mukofot borligini eshitganmisiz? Ha, shunday tanlov bor. Ushbu tanlovda g‘olib bo‘lgan o‘qituvchi 1 million AQSH dollari miqdorida mukofot puli bilan taqdirlanadi.

Tanlovda dunyoning istalgan davlatidan 5 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ilm berayotgan o‘qituvchilar qatnashadi. Ular orasida sizning o‘qituvchingiz ham bo‘lishi mumkin. Masalan, 180 ga yaqin mamlakatning o‘n mingdan ortiq nomzodi orasidan Afrika qit’asi Keniya davlatining Nakuru qishlog‘idagi maktab o‘qituvchisi Piter Tabichi – dunyodagi eng yaxshi o‘qituvchi, deb topilgan. U fizika va matematika fanlaridan dars beradi. Uning o‘quvchilari kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, ba’zilari esa yetim bolalardir. Piter Tabichi o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maoshining 80% ini ularga ajratadi. O‘quvchilar bu pullar evaziga o‘quv qurollari va maktab formasiga ega bo‘lishadi. 

Piter Tabichi chuqur bilim sohibi bo‘lgani sabab uni nufuzli maktablardan biriga taklif qilishgan. Ammo jonkuyar o‘qituvchi boylarning maktabida ko‘p qololmadi. O‘zining ko‘proq kambag‘al bolalarga kerak ekanini tushunib, bor bilimini shu bolalarga bag‘ishlashga qaror qildi. O‘qituvchi dam olish kunlari ham ishlaydi. U fanlarni o‘zlashtirishga qiynalayotgan bolalarning uylarida qo‘shimcha bepul dars ham beradi. Maktabda o‘quv qurollari bilan bog‘liq juda ko‘p kamchiliklar bor. 

Bir sinfda 70– 80 o‘quvchi o‘qiydi. Ko‘plab bolalar maktabgacha 6–7 kilometrlik masofani bosib kelishadi. Ammo bu muammolarga qaramay, Piter Tabichining o‘quvchilari milliy va xalqaro ilmiy tanlovlarda ishtirok etib g‘oliblikni qo‘lga kiritishmoqda. Hatto ulardan biri Buyuk Britaniyaning «Royal Society of Chemical» mukofotiga sazovor bo‘ldi. Piter Tabichi intervyularidan birida, maqsadi bolalarda ilm-fanga muhabbat uyg‘otish, ular orasidan ko‘plab olimlar yetishib chiqishiga hissa qo‘shish ekanligini aytgan. 

Agar sizning ham shunday ustozingiz bo‘lsa, unga ushbu maqolani o‘qib bering. Balki bu yil aynan sizning o‘qituvchingiz ham 1 million dollarlik mukofotning sovrindoriga aylanar... «Global Teacher Prize» tanlovida ishtirok etish uchun ustozingiz www. globalteacherprize.org saytiga kirib, ariza topshirishi mumkin. Ha aytgancha, tanlovda qatnashish mutlaqo bepul! 

O‘zDJTU talabasi Shahrizoda SOLIHOVA internet manbalari asosida tayyorladi.




Comments

Popular posts from this blog

DIQQAT, TANLOV! BOYLIKNI BOLALIKDAN ASRANG!

IJODKORLAR UCHRASHUVI

BIZ HAQIMIZDA

MEN DEPUTAT BO‘LMOQCHIMAN!

KO‘HNA TOL BESHIKDAN YARALGAN DUNYO

OLTIN OVOZ