YELKAMA-YELKA ISHLAYOTGANIMIZDAN MAMNUNMIZ
«Tong yulduzi» ko‘plab jurnalistlarning ijod olamiga ilk qadamlari qo‘yilgan manzil bo‘lgan. Ko‘plab mashhur o‘zbek shoir-u yozuvchilarining tarjimayi holini o‘qisak, barchasining ilk ijod namunalari shu gazetada bosilib chiqqanini ko‘rish mumkin. Shu nuqtai nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, o‘quvchilarga gazetalar sahifasidan joy ajratish juda ham oqilona ish. «Tong yulduzi» mana shu oqilona yo‘ldan og‘ishmay borayotgan otaxon gazetalardan biridir.
«Ma’rifat» gazetasi ham bu ishda oz bo‘lsada hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan. O‘quvchilarning sara she’r va hikoyalari, maqolalarini chop etib, ularni jurnalistika, erkin fikrlash va o‘z qarashlarini ifodalay olish sari qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan, gazetamizda yo‘lga qo‘yilgan «Ma’rifat kitobxoni» rukni ostida o‘quvchilar uchun Telegram tarmog‘ida guruh tashkil etildi, unda o‘quvchilar maslahatlashib, har oy uchun biror badiiy asarni o‘qish uchun tanlab oladilar va uni mutolaa qilganlaridan so‘ng o‘z taassurotlarini kichik esse tarzida yozib, tahririyatga yo‘llaydilar. Esselar saralanib, eng yaxshilari gazetamizda chop etiladi va g‘oliblar taqdirlanadi. Bu kabi ishlar yosh qalamkashlarni yuzaga chiqarish, ularni kelgusida yanada yaxshi ijod qilishlariga turtki bo‘ladi. Biz bu kabi savobli ishlarda «Tong yulduzi» gazetasi bilan yelkama-yelka ishlayotganimizdan mamnunmiz.
Fursatdan foydalanib, otaxon bolalar gazetasining barcha jurnalist xodimlarini 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan tabriklaymiz. «Tong yulduzi» mangu porlasin!
Comments
Post a Comment