TARIX KO‘ZGUSI

Poytaxtimizning qoq markazida joylashgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi kishini tarix haqiqatlaridan boxabar etadi. U yerda buyuk bobomiz Sohibqiron Amir Temur va uning sulolasi haqida biz bilgan va bilmagan juda ko‘p ma’lumotlar bor.

Temuriylar tarixi davlat muzeyi 1996-yil 18-oktyabrda buyuk sarkarda tavalludining 660 yilligi munosabati bilan barpo etilgan. Ushbu tarixiy maskanning balandligi 31 metr, diametri 70 metrni tashkil etadi. Bino an’anaviy me’morchilik usulida aylana tarhli, ustki qismi gumbaz­ li qilib qurilgan. Uch qavatli binoni barpo etishda tabiiy va sun’iy qurilish mahsulotlaridan foydalanilgan. Devorlarga maxsus ishlov berilgan. Unga turli bezaklar va jimjimador naqshlar solingan. Baland zina bo‘ylab maskanga kirib borar ekansiz, muhtasham, havorang gumbazli bino sizni o‘z bag‘riga chorlaydi. Hashamdor, shu bilan birga, tarixiy ko‘rinishdagi eshik va uning tutqichlari sizni XIV–XV asarlar tomon yetaklaydi. 



– Muzeyimizda 5 mingdan ziyod eksponatlar bor. Ular orasida miloddan avvalgi ikkinchi mingyillikka oid Sopollitepa va Jarqo‘ton topilmalari, Dalvarzintepaning milodiy I asrga oid oltin buyumlari, Afrosiyob va Toshkentdan topilgan X–XI asrga oid sopol idishlar, Amir Temur va temuriylar davriga oid ko‘plab noyob qo‘lyozmalar, rasmiy hujjatlar, kumush va mis tangalar, sopol idishlar, mis buyumlar, me’moriy qoplamalar, qurol-yarog‘, cholg‘u asboblari, etnografik buyumlar mavjud. So‘nggi uch yilda muzeydagi sayohatlar soni 10 mingdan ortdi. Muzey sayti (temurid. uz) o‘zbek, rus, ingliz tillarida ishlab turibdi. Hozirgi kunda texnika mo‘jizasi tufayli muzey zallari bo‘ylab sayohat va eksponatlar zamonaviy 3D shaklda namoyon bo‘ladi, – deydi muzey direktori Xurshid Fayziyev.

Muzeyning sovg‘alar bo‘limida fransiyaliklar bergan Amir Temur byusti, Berlin Islom muzeyidan kelgan «Boysung‘ur Mirzoning 28 miniatyurasi» kitobi, Qozog‘iston sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyev sovg‘a qilgan «Alma-Arasan darasi» kartinasi, Ozarbayjonning islimiy naqshli duxoba gilami kabi o‘nlab noyob tuhfalarni ko‘rish mumkin. 

Shuningdek, muzeyga mamlakatimiz fuqarolari va arxeologlari ham sovg‘alar taqdim etib turishadi. Jumladan, asli o‘zbekistonlik bo‘lgan hozirda Buyuk Britaniyada yashaydigan haykaltarosh Yunus Safardiyor 2021-yilda Bobur haykalini muzeyga sovg‘a qildi. 2022-yilda Imomali Baymakov 1810 ta mis tangalarini taqdim etdi. 2022-yilda 11 ta me’moriy qoplama Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanidan arxeolog Dilmurod Normurodov tomonidan topshirildi. Shu tariqa muzey eksponatlari kundan kunga boyimoqda. 

Muzeyda Temuriylar tarixiga oid deyarli barcha ma’lumotlarni uchratish mumkin. Undan tarixiy qo‘lyozmalar, noyob kitoblar, asbob-uskunalar, tarixiy liboslar, tasviriy san’at durdonalari o‘rin olgan.

Sanjarbek XOLJONOV, 

O‘zDJTU talabasi, 

«Tong yulduzi» amaliyotchisi








Comments

Popular posts from this blog

MEN DEPUTAT BO‘LMOQCHIMAN!

DIQQAT, TANLOV! BOYLIKNI BOLALIKDAN ASRANG!

MEHR NURI YOG‘AR DOIM...

IJODKORLAR UCHRASHUVI

BIZ HAQIMIZDA

KO‘HNA TOL BESHIKDAN YARALGAN DUNYO

DUNYODAGI ENG YAXSHI O‘QITUVCHI