Do‘stlik daryosi (she'riy ertak)
O‘rmonning bir chetida, Anhorning o‘ng betida, Yashagan ekan Ayiq, Unda bor ekan qayiq. Har kuni tong sahardan, Yo‘l olarkan u soyga. Qo‘lida qarmoq bilan, Yetib borar oviga. Hamma uning oldiga Qo‘rqarkan yo‘lagani, Quyon-chi, chapdastgina, Do‘st ekan, qadrdoni. Birgalashib ikkovlon, O‘tirarkan qayiqqa. Tutishar ekan baliq, Yo zog‘ora yo laqqa. Lekin kunlardan bir kun, Teshilib qayiqlari, Oqib ketdi bir uyum, To‘plagan baliqlari. G‘am chekdi ikki ulfat, Boshiga tushdi kulfat. Bilishmasdi suzishni, Bu qandayin musibat?! Qayiq tez suvga to‘lib, Asta cho‘ka boshladi. Ayiq bilan Quyon ham, Dod-voy sola boshladi. Qochib ketgan baliqlar, Kelib yordam berishdi. Cho‘kayotgan dushmanin, Suvdan olib chiqishdi. Gina qilmay baliqlar, Yordamga tez shaylandi. Ayiq bilan Quyonning, Chin do‘stiga aylandi. Bundan chiqqan xulosa: «Yaxshilik qilgin rosa! Yaxshilik qilsang agar, Dushman do‘stga aylanar. Do‘sting, ko‘p bo‘lsa, ishon, Yashash bo‘ladi oson!» Fotimaxon ILYOSOVA, poytaxtimizning S...