O‘SHA KUNLARNI ESLAB...

Har yili 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida bolalar gazetasida ishlagan kunlarim ko‘z o‘ngimdan xuddi kino tasmasiday bir-bir o‘tadi. Mana, o‘sha kunlarga ham o‘ttiz yil bo‘libdi.

Gazeta adadi bir millionni tashkil etardi. Albatta, shunga yarasha uning sifatini tinimsiz oshirib borishga harakat qilardik. Bu ishda gazeta Bosh muharriri Abdusaid Ko‘chimov, uning o‘rinbosari Akrom Berdimurodov, mas’ul kotib Temur Eshboyev, bo‘lim boshliqlari Yoqutxon Rahimova, Vafo Fayzulla, Hoshimjon Mirzaahmedov, Azimjon Xudoyqulov, Feruza Jalilova, Feruza Odilova, suratkash Ravil Albekov, rassom Abror Oripovlar- ning xizmatlari beqiyos edi. 

Men o‘sha paytlari gazetaning «Adabiyot va san’at» bo‘limini boshqarardim. Bir kunda bo‘limga juda ko‘plab xatlar kelardi. Bu xatlarning aksariyatini she’rlar tashkil qilardi. Shundan bo‘lsa kerak, qariyb gazetaning har bitta sonida she’riy sahifa berib borilardi. 

Ko‘pincha gazeta xodimlari yoppasiga belgilangan bir viloyatga safarga chiqardik. Keyin maktablarda ma’lum bir muammo, mavzu yuzasidan mutaxassislar ishtirokida darslar tashkil etilardi. Bu darslar maktabning bir necha sinflarida o‘tilardi. Safardan qaytgach, mana shu darslar yuzasidan gazetada tahliliy maqolalar berib borilardi. 

Yaxshi eslayman: gazeta tomonidan e’lon qilingan birgina «Danak operatsiyasi»da minglab o‘quvchilar ishtirok etishardi. Yil so‘ngida g‘olib o‘quvchilar chet elga sayohat yo‘llanmasini qo‘lga kiritishardi. Yurtimizning har bir o‘quvchisi, jurnalist, shoir, yozuvchilari gazetamizda chiqishni istashardi. Chunki ijodining gazetada yoritilishi ularga katta mashhurlik olib kelardi. Gazeta respublikamizning har bir maktab, xonadoniga kirib borardi. Quyidagi she’r ham o‘sha qadrdon kunlarni eslash asnosida yozilgandi.

...Ba’zida kirgaydir tushlarimizga, 

Yana biz birgamiz ishlarimizda, 

Ayrilamiz, kelsak hushlarimizga – 

O‘sha kunlarni hech unutib bo‘lmas.


 Nafaqa yoshida bugun barchamiz, 

Ammo yashnab turar ko‘ngil archamiz, 

Doim «yulduz»dadir yurak parchamiz 

– O‘sha kunlarni hech unutib bo‘lmas. 


Turob NIYOZ

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi




Comments

Popular posts from this blog

MEN DEPUTAT BO‘LMOQCHIMAN!

DIQQAT, TANLOV! BOYLIKNI BOLALIKDAN ASRANG!

MEHR NURI YOG‘AR DOIM...

IJODKORLAR UCHRASHUVI

BIZ HAQIMIZDA

KO‘HNA TOL BESHIKDAN YARALGAN DUNYO

DUNYODAGI ENG YAXSHI O‘QITUVCHI