HALIMA XOLANING QIZLARI

 Har tongda eshik qo‘ng‘irog‘ining jiringlashi Halima xolaning jahlini chiqarardi. Eshik tagidaikkita-uchta qizning nabirasi E’zozaga, «Ko‘chaga o‘ynagani chiqasanmi», deb turishlari g‘ashigategardi, gohida. Nabirasi E’zoza uy yumushlarida oyisiga yordam bergachgina, unga ko‘chada o‘ynagani ruxsat berishardi.Bir kuni odatdagidek eshik qo‘ng‘irog‘i yanajiringladi. Halima xola o‘sha kuni somsa qilishga  tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Miyasiga kelgan fikrdan o‘ziyam quvonib ketgan xola qizlarni ichkariga taklif qildi.

– Qani, buyoqqa kelinglar-chi! – xolaning ovozi zardali bo‘lgani uchun qizlar biroz cho‘chib unga yaqinlashdi. Halima xola qizlarga avval sochlarini yig‘ishtirib, so‘ngra qo‘llarini tozalab yuvishlarini buyurdi. Qizlar qo‘llarini yuvib bo‘lgach, somsa xamiridan uzib, qizlarga berdi:

– Qani, mana buni chiroyli qilib yoyinglar-chi... Qizlar bir-birlariga qarab qo‘llariga E’zoza bergan jo‘valarni olishdi-da, xamirni yoya boshlashdi. Kimdir chiroyli qilib yoysa, yana birining yoygan xamiri unchalik o‘xshamadi...  
Halima xola qizlarga xamirni qanday yoyishni asta-sekin o‘rgatdi. Tugilgan somsalarni gaz pechiga qo‘yishdi. Somsa pishgunga qadar hovliga suv sepib, supaga joy qilib, choy damlashdi. Somsaning hidi butun hovlini tutdi. Qizlar qiziqib somsaning pishishini kuzatishdi. Issiq somsa pishgach, uni idishga terib, issiq choy bilan mazza qilib tanovul qilishdi. Halima xola qizlarni kuzatarkan:
– Har kuni kelsangiz, ko‘chada bekor o‘ynagandan ko‘ra, sizlarga turli pishiriqlar tayyorlashni o‘rgataman, – dedi. Qizlar bunga jon deb rozi bo‘lishdi. Ertasiga yupqa, indiniga yana somsa...xullas, qizlar har kuni nimalardir pishirib, uylariga ham olib ketadigan bo‘lishdi. Qizlarning onasi bu pishiriqlarni qayerdan olishganini so‘raganida, Halima xolanikida pishirganini aytishdi. Buni eshitgan onalar ham mamnun bo‘lib, Halima xolanikiga chiqishdi.
– Qizlarimizga turli pishiriqlarni tayyorlashni o‘rgatayotgan ekansiz. Biz navbati bilan masalliqlarni olib beraylik, ishdaligimizda qizlar  ko‘chada bekor yurishmasin, harna bir hunar  egasi bo‘lishsin...
Halima xola bunga rozi bo‘ldi. Qizlar navbati  bilan turli pishiriqlar tayyorlay boshlashdi. Oy oxiriga qadar qizlarning soni ham ko‘paydi.  Mahalladagilar xolaga pishirish uchun pech,  yana kerakli jihozlarni ham olib berishdi. Endi  qizlar maktabdan tashqari ham bo‘sh vaqtlarini Halima xolanikida o‘tkazadigan bo‘lishdi. Ularni  butun mahalla, «Halima xolaning qizlari», deb atay boshladi. 

Ozoda TURSUNBOYEVA

«Tong yulduzi» gazetasining 39-sonidan




Comments

Popular posts from this blog

MEN DEPUTAT BO‘LMOQCHIMAN!

DIQQAT, TANLOV! BOYLIKNI BOLALIKDAN ASRANG!

MEHR NURI YOG‘AR DOIM...

IJODKORLAR UCHRASHUVI

BIZ HAQIMIZDA

KO‘HNA TOL BESHIKDAN YARALGAN DUNYO

DUNYODAGI ENG YAXSHI O‘QITUVCHI