OQQASHQA (hikoya)

Kunlarning birida Akmal ko‘chadan kichkina kuchukcha topib oldi. Uni uyiga olib kelib, sut bilan boqa boshladi. Qop-qora kuchukchaning peshonasida kichkinagina oq qashqasi bor edi. Shuning uchun unga «Oqqashqa» deb laqab qo‘ydi. Oradan oylar o‘tib, Oqqashqa katta bo‘ldi. Akmal bo‘sh vaqtini doim u bilan o‘tkazardi. Jonivor ham faqat uning qo‘lidan yeguliklar yeyishga o‘rganib qolgandi. 

Akmalning akasi Solih aka oziq-ovqat do‘konida tungi qorovul bo‘lib ishlar edi. Solih aka itni o‘zi bilan do‘konga olib ketardi. Akmal maktabdan keyin Oqqashqaning oldiga borib ovqatini berar, it ham har kuni bir xil vaqtda sodiq egasining kelishini poylab yotadigan bo‘ldi.

Kuzgi ta’til vaqtida yigit akasidan Oqqashqaga qarab turishini iltimos qildi. Chunki u buvisini ko‘rgani qishloqqa jo‘nab ketayotgandi. Bir necha kundan keyin qishloqdan qaytgan yigit vafodor do‘stini ko‘rgani do‘konga oshiqdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, jonivor do‘kon atrofida ko‘rinmasdi. U akasidan it haqida so‘radi. Solih aka ming xijolat bilan bo‘lgan voqeani ukasiga tushuntirib berdi. Aytishicha, do‘kon egasining o‘g‘li Bahromning kuchugini katta ko‘chada avtomashina urib ketgan, Oqqashqa esa o‘sha itga juda o‘xshaganligi uchun bolakay Solih akani hol-joniga qo‘ymay itni unga berishini so‘ragandi...

Sodiq do‘stidan ayrilgan Akmalning yuzidan kulgi yo‘qoldi. U doim xomush yurar, ko‘cha-ko‘yda itini uchratib qolish umidida atrofiga alanglayveradigan odat chiqardi...

Bir kuni erta tong uyqudan uyg‘ongan Akmal hovliga chiqar ekan, ostonada dumini
likillatib turgan Oqqashqani ko‘rib qoldi. It chopqillab egasining bag‘riga o‘zini otdi. Akmal itni quchoqlab uzoq vaqt turib qoldi... Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, jonivor yangi xonadonga ko‘nika olmagan: oldiga qo‘yilgan go‘shtli yeguliklar-u shirinliklardan tatib ham ko‘rmagan. Boshini eggancha yerga bag‘rini berib yotgan Oqqashqa kundan kunga ozib, avvalgi holatidan asar qolmagandi...

Akmal har doim gidan ko‘proq itning yonida bo‘lar, jonivor ham sohibidan bir zum
uzoqqa ketmas, qo‘shni bolalar ham ularning inoqligidan hayratlanishardi. Hali-hali ko‘chada Oqqashqa va uning egasini ko‘rgan bolalar bo‘lib o‘tgan voqealarni esga olishar ekan.

Samariddin QODIROV,
Abdulla Qodiriy nomidagi
ijod maktabining 8-«A» sinf
o‘quvchisi

«Tong yulduzi» gazetasining 12-sentyabr 2022-yil (37-son) chop etilgan.



Kamola BAXTIYOROVA chizgan
rasm, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumani



Comments

Popular posts from this blog

MEN DEPUTAT BO‘LMOQCHIMAN!

DIQQAT, TANLOV! BOYLIKNI BOLALIKDAN ASRANG!

MEHR NURI YOG‘AR DOIM...

BIZ HAQIMIZDA

IJODKORLAR UCHRASHUVI

KO‘HNA TOL BESHIKDAN YARALGAN DUNYO

DUNYODAGI ENG YAXSHI O‘QITUVCHI