BOLALAR NASHRLARIDA BEG‘UBORLIK BOR
Biz bolaligimizda gazetamizni sabrsizlik bilan kutar edik. Undagi suratlar, lavhalar, krossvordlar juda qiziqarli edi. Beshinchi s i n f d a o‘qiyotganimda havas qilib, birgina lavhacha yozib, gazetaga jo‘natdim. Oradan 15- 20 kundan keyin qishloq pochtachisi chaqirib, tahririyatgan kelgan javob xatini menga berdi. Xursanchiligimizning chegarasi yo‘q edi. Xatda lavhadagi xatolar ko‘rsatilib, agar betinim mashq qilsam, ko‘proq gazeta va jurnallarni mutolaa qilsam, maqola yozishni o‘rganishim mumkinligi yozilgandi. Bu javob xati menga juda qiymatli, qadrli edi.
Maktabni tugatib, jurnalistika fakultetiga kirmoqchi edim. Ammo o‘rin juda oz, talabgorlar esa biroz ko‘p edi. Tarix fakultetiga topshirdim. Universitetni imtiyozli diplom bilan tugatdim. Ammo jurnalistika meni «tinch» qo‘ymadi. Shu-shu jurnalist bo‘ldim. Bunga ham allaqachon 40 yil to‘ldi. Ammo haligacha bolalar va o‘smirlar nashrlariga mehrim bo‘lakcha.
Jumladan, «Tong yulduzi»da e’lon qilinayotgan maqola va she’rlar, kichik-kichik ibratli hikoyalarni zavq bilan o‘qiyman. Chunki bolalar nashrlarida xuddi bolalarning beg‘ubor qalblaridek mehr, sadoqat, soddalik tuyg‘usi bilan limmo-lim maqolalar chop etiladi. Lekin bolalar nashrlari uchun maqola yozish oson emas. Zero, bolalar dunyosi judayam go‘zal va rangorang! Bu go‘zallik va rang-baranglikni anglash uchun bolalardek dunyoni sevish kerak!
Xulosa shuki, kimki jurnalist bo‘laman, desa, eng avvalo, o‘z bilimi, salohiyatini bolalar nashri, jumladan, «Tong yulduzi» gazetasida sinovdan o‘tkazsin! Kasb bayramimiz munosabati bilan birinchilardan bo‘lib ushbu gazetaning xodimlari, jamoat muxbirlari va mushtariylarini chin yurakdan tabriklayman! Ularga omad yor bo‘lsin!
Shoqahhor SALIMOV,
«Eng ulug‘, eng aziz» tanlovi g‘olibi, «Oltin qalam» tanlovi sovrindori
Comments
Post a Comment