BOLA QUVONSA – OLAM QUVONAR
K e l a j a g i m i z egalari salomatligini mustahkamlash va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkillashtirish maqsadida Toshkent viloyati, Angren shahridagi 18-umumta’lim maktabida faoliyat ko‘rsatayotgan «Lazzat» oromgohiga uch yuz nafar o‘quvchi jalb qilindi.
Ayniqsa, qator to‘garaklarda muntazam ishtirok etib, ijobiy natijalarga erishgan o‘g‘il-qizlar «Hafta faoli» nominatsiyasi sohibiga aylanishmoqda. «Yosh rassom» to‘garagi a’zosi, 3-sinf o‘quvchisi Shirin Ermatova, «Shashka-shaxmat» to‘garagi a’zosi, 4-sinf o‘quvchisi Behruz Azizov, «Mohir qo‘llar» to‘garagi a’zosi, 3-sinf o‘quvchisi Lazizaxon Abduxalilova, «Ingliz tilida gaplashamiz» to‘garagi a’zosi, 3-sinfdan Robiyaxon Nurlibekova, «Kitobxon bolajon» to‘garagi a’zosi, 3-sinf o‘quvchisi Zilola Abdulhamidovalar qatori «Sog‘lom bo‘lay desangiz», «Men – sozandaman», «Mohir suzuvchi» kabi to‘garaklarda ham faollar talaygina.
– Birgalikda o‘qiyotgan badiiy asarlar va bahs-munozaraga boy adabiy mashg‘ulotlar bizni yanada ko‘proq vaqtimizni mutolaa jarayoniga sarf etishga undaydi, – deydi «Kitobxon bolajon» to‘garagi a’zosi 3-sinf o‘quvchisi Zilola Abdulhamidova mamnuniyat bilan.
Oromgoh faoliyatini tashkillashtirgan Odil Egamberdiyev rahbarligidagi maktab jamoasi va homiylar tomonidan mazali taomlar va shirinliklar, maktab bog‘idagi darmondorilarga boy mevalardan bahramand bo‘layotgan bolajonlarimiz hamisha nazoratda.
Shahar bo‘ylab sayohat va tabiat qo‘yniga sayrlar oromgohning kundalik rejasidan joy olgan. O‘g‘il-qizlarimiz yozni maroqli o‘tkazsalar, keyingi o‘quv yilini samarali boshlaydilar. Bizning asosiy maqsadimiz ham o‘quvchilarimizning faolligi uchun poydevor yaratishdir.
Nozila USMONOVA,
ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi
Comments
Post a Comment