KASBIMGA MUHABBATIMNI OSHIRGAN VOQEA

Oilamizdagi muhit sabab, bolaligimdan fizika va matematika faniga mehrim boshqacha bo‘lgan. Ota-onam, uch akam va amakilarimni ushbu fan vakillari bo‘lganligi va suhbatlar ham shu sehrli fanlarga bog‘liqligi sabab deb o‘ylayman. Dadam Muhammadjon Hoji ota, onam Mavludaxon aya mohir matematiklardir. Qariyb 44 yildan buyon yoshlarga ilm-ma’rifat ulashib kelmoqda. Padari buzrukvorim shu yilgacha minglab o‘quvchilarni oliy ta’lim dargohiga kirishlarida ustozlik qilgan. Dadam doim bizga halollikni, ilm insonni yuksaltirishini botbot takrorlaydilar. Haqiqiy pedagog tanaffusni kutmaydi, eng samarasiz dars – ustoz va o‘quvchi tanaffusni kutadigan darsdir. Mohir ustoz o‘quvchilarga qanday vaqt o‘tganini sezdirmay mavzuni hayotga bog‘lab yetkazib beradi. O‘quvchilarni va fanini seva olgan, ma’naviy manfaatni shaxsiy manfaatdan ustun qo‘ygan o‘qituvchi doim yuksalaveradi, degan hikmatli fikrlar ham aynan otamga tegishli. Otamning o‘gitlaridan kuch olib, 2005-yil Farg‘ona davlat universitetiga o‘qishga kirdim. U yerda o‘z kasbining yetuk egalaridan ta’lim olib, 2009-yil ilk ustozlik faoliyatimni boshladim. Yaqindagina bo‘lgan bir voqea meni kasbimga yanada muhabbat qo‘yishimga sabab bo‘ldi. 
















Bir kuni 7-sinflarda dars tugash arafasida o‘quvchilarimga topshiriq berdim. Topshiriqqa ko‘ra, ular o‘zlari sevgan hududlardan birini tanlab, uning maketini fizika faniga bog‘lab ixtirolar qilishi kerak edi. O‘sha sinflarga dars berish uchun kirganimda, odatimga ko‘ra, darsni vazifalarni ko‘rib chiqish bilan boshladim. Barcha o‘quvchilarning stollarida o‘zlari yoqtirgan joylarning kichik maketlari turar edi. Ularni ko‘rib, ko‘zim quvnadi. O‘quvchilar guruh bo‘lib mavzuga hamfikrlikda yondashgandi. «Fiziklar shaharchasi», «Hayvonot bog‘i», «Svetoforda mashinalar harakati», «Osmono‘par Eyfel minorasi», «Harakatdagi elektromobillar», «Uchar vertolyot» kabi ko‘plab maketlar birbirini takrorlamas darajada yaralgandi. Eng hayratlanarlisi, 7-«B» sinf o‘quvchilari Ruxshona Qahhorova, Mahliyo Lutfullayeva, Mubina To‘raboyeva, Robiya Alisherova, Mohlaroy Arabboyeva, Madina Ergasheva, Farzona To‘xtasinova, Farangiz Mirzaqulova, Marziya Bozorova, Bibisora Odiljonova, Risolatoy Abduvahobova va Zilola Xolmatjonova yaratgan «Yangi O‘zbekistonni birga quramiz» deb nomlangan maketi diqqatimni tortdi. Ular o‘z ijodiy ishida baland-baland binolar va ularning yonida zamonaviy gadjetlardan foydalanayotgan bolalarni tasvirlagandilar. Barcha detallar aniqlik bilan yasalgan bo‘lib, binolar turli mitti chiroqlar bilan bezalgandi. Ulardan biri o‘rnidan turib: 

– Bu – Yangi O‘zbekiston, ustoz! Mana bu osmono‘par binolar mening, sizning – barchamizning uylarimiz. Bu zamonaviy texnologiyalarni esa biz yaratganmiz. Biz Yangi O‘zbekistonning maketini birgalikda, hamfikrlikda yasadik! Ochig‘i, ularning yuksak g‘oyasidan qattiq ta’sirlandim. 

O‘sha kungi darsim har kungidan zo‘r o‘tdi. Chunki men Yangi O‘zbekiston bunyodkorlariga saboq berayotganimdan g‘oyat mamnun edim!

Dilrabo RAHIMBERDIYEVA

Muhammad Yusuf ijod maktabining fizika va matematika fani o‘qituvchisi








Comments

Popular posts from this blog

MEN DEPUTAT BO‘LMOQCHIMAN!

DIQQAT, TANLOV! BOYLIKNI BOLALIKDAN ASRANG!

MEHR NURI YOG‘AR DOIM...

IJODKORLAR UCHRASHUVI

BIZ HAQIMIZDA

KO‘HNA TOL BESHIKDAN YARALGAN DUNYO

DUNYODAGI ENG YAXSHI O‘QITUVCHI