MUHIDDIN OMON NIMA DERKIN?
TABRIKLAYMIZ!
Kuni kecha, mohir tarjimon, shoir va noshir Muhiddin Omon Prezidentimiz Farmoni bilan II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlandi!
Bir kuni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, hozirgi AOKAda ishlayotgan kezlarda, odatimga ko‘ra, biroz lirik chekinish qilib, ushbu she’rni sekin xirgoyi qildim: «Osmondagi oyman deding, qo‘l cho‘zmadim, Menman shamsul anvor deding, jim tingladim...
O‘sha xonada men bilan yonma-yon o‘tirgan hamkasbim menga qarab, «Rahmat», dedi.
– Nega rahmat deysiz? – so‘radim ajablanib.
– She’rimni yodlab olibsiz-ku, – dedi faxrlanib hamkasbim.
– Iya, meni necha yildan beri maftun etgan bu she’r siznikimidi? – dedim hayajonimni bosolmay. U esa shu she’r ham ichiga kiritilgan «Tole fasli» nomli mo‘jazgina kitobchaga dastxat yozib, menga uzatdi. Sevimli shoirimiz Muhiddin Omon bilan yaqindan tanishuvimiz shu kundan boshlandi. Uning ijodini kuzatadigan bo‘ldim. Yangi she’rlaridan o‘qib berardi. O‘sha vaqtdagi bo‘lim boshlig‘imiz Abduqodir Niyozov ham uning she’rlarini yaxshi ko‘rardi. Ma’suda opa, Farhod aka, Avazbek kabi hamkasblarimiz ham shoirning birinchi tinglovchilari edi.
Ustozimiz – Agentlik Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) O‘tkir Parmonovich, boshqarma boshlig‘i O‘tkir Obidovich garchi ish borasida talabchan bo‘lishsa-da, ammo Muhiddin Omonning ijodini hurmat qilishar, har bir chop etilgan kitobiga e’tibor qaratishar, «Ha shoir, bo‘sh kelmang», deya alqab qo‘yishardi.
Muhiddin Omon hayotda ham, ijodda ham yurtimizda bo‘layotgan voqea-hodisalarga hech qachon befarq bo‘lmagan. Uning she’rlarida munis va mehribon onalarimiz timsolini ham, bog‘larni yashnatib, dasturxonimizni to‘kin etayotgan bobodehqonlarning zahmatini ham, kelajakka shaxdam qadam, yuksak ishonch bilan borayotgan yoshlarimiz qiyofasini, orzu-umidlarini ham ko‘rishingiz mumkin. U har qanday topshirilgan vazifani sidqidildan bajarar, hamkasblarining ish borasidagi barcha savollariga javobi naqd edi. Biz, ya’ni undan besh-o‘n yosh kichik xodimlar esa Muhiddin akaga nafaqat hamkasb, do‘st, balki chin ma’noda ustozdek munosabatda edik. Zero, ular haqiqiy murabbiylar kabi hech kimga hech qachon yomon gapirmas, uning uchun hamma yaxshi inson edi. Shu bois ham Muhiddin Omonning nafaqat jamoada, balki rahbariyat oldida ham obro‘si nihoyatda baland bo‘ldi. O‘z ishiga vijdonan yondashgani, matbuot va nashriyot sohasida juda katta tajriba va bilimga egaligi uchun ko‘pgina idora rahbarlari ularni turli lavozimlarga, hatto maoshlari bizdan-da yuqoriroq joylarga ishga taklif etishardi. Ammo hamkasbimiz Muhiddin Omon faqat o‘zi sevgan sohasiga, qolaversa, o‘zining naqd qirq yillik umri o‘tgan, ne-ne ustoz adiblar, noshir va tarjimon bilan muloqot qilish, ularning e’tirofiga sazovor bo‘lish baxtiga musharraf etgan «Navoiy–30» degan muhtasham binoga, sodiq qolaverdi.
Muhiddin akaning nafaqat ijodi, ibratli, havas qilarlik chiroyli oilasi bor. Ular bir qiz va ikki o‘g‘ilni tarbiyalab, voyaga yetkazdi, ularni eng nufuzli universitetlarda a’lo baholarga o‘qishlariga imkoniyat yaratib, el xizmatiga kamarbasta qildi. U bir ota, ziyoli inson sifatida o‘z farzandlari yutug‘idan hamisha quvonib, faxrlanib yuradi. Bir kuni «Feruza, singlim, meni tabriklang, kenja o‘g‘lim Jasurbek bir yo‘la uchta Oliy o‘quv yurtining beshta fakultetiga o‘qishga kirdi. Transport universitetiga Davlat granti asosida kirganligi sababli shu dargohni tanladik. Judayam xursandman, iloyim har birimizning farzandimiz doim bizga faxr-iftixor keltirsin», dedi sevinib. Bugun ularning farzandlari ota-onasini quvontirib, rozi qilib yurgani, shubhasiz.
Yillar ketidan yillar chopib o‘tdi. Mana, necha yildirki, «Tong yulduzi» tahririyat xodimlari o‘rtasida biror so‘z ustida savol tug‘ilsa, «Muhiddin Omonga telefon qilaylik, ular nima derkin?» deyishadi. O‘z o‘rnida, Muhiddin Omon ham erinmasdan, og‘rinmasdan muxbirlarning, hatto musahhihlarning barcha savollariga javob topib beradi. Shu bois, uni «shtatsiz muxbirimiz» deb alqaymiz. Bugun shunday qutlug‘ kunda sevimli shoirimiz, fidoyi hamkasbimiz, sodiq do‘stimiz Muhiddin Omonga omonlik tilaymiz. U oltmish yoshga kirganmish, oltmish yosh nima bo‘libdi... Axir ularning o‘zlari «Umr nima?» she’rida:
Yashamoqning ma’nosin anglatib,
Belgilamas, sana zinhor umrning intihosin»,
Chunki sana va raqamlar – Bor-yo‘g‘i kalendar... deya bitgan edi-ku...
Shu o‘rinda Sizlarga ham ana shu she’rdan bir necha bandni eslatay:
Umr nima – shoshqin daryo,
Umr yo‘ldir begumon.
Vaqtinchalik manzil – dunyo,
Yarmi – baxt, yarmi – armon.
Lekin azal bir hikmat bor: Yashamoqning ma’nosin,
Belgilamas, sana zinhor, Umrning intihosin.
O‘tgan har kun botsa quyosh,
Yo tong otsa, muqarrar.
Demang, qo‘shgay yoshimga-yosh,
Bu – bor-yo‘g‘i kalendar.
Ha, azizlar, hayotimizning sanalari emas, uning mazmuni, qanday yashab o‘tilgani muhimdir. Benazir shoir, bugungi kunda noshirlik-matbaachilik sohasining ustozlaridan biriga aylangan Muhiddin Omonning ibratli hayoti, faoliyati va erishgan martabasi barchamizni quvontiradi. Biz fursatdan foydalanib, ularga barcha hamkasblar, ustoz-u shogirdlar, gazetxonlar nomidan, «Umringiz uzoq bo‘lsin, yana uzoq yillar adabiyot ixlosmandlarini, to‘plagan boy tajribangiz bilan yosh shogirdlaringizni sevintirib yuring», deymiz!
Feruza SOYIBJON qizi
Comments
Post a Comment