MIRZO KENJABEKNING KUTUBXONASI

 O‘quvchilik yillaridayoq Mirzo Kenjabekning jo‘shqin satrlari bizni o‘ziga mahliyo etgandi. Otam pochtachi bo‘lgani bois, uyimizga hisobsiz gazeta va jurnallar kirib kelardi. Men o‘zimning sevimli ijodkorlarim ijodini kunora kelayotgan gazeta va jurnallardan qidirishga tushaman. Mirzo Kenjabek ijod olamiga lovullab kirib kelgan serqirra ijodkorlardan biridir. U Surxon havosini Toshkentga o‘zining rang-barang satrlari bilan olib kelgandi. Shoirning kursdosh do‘sti Sirojiddin Sayyidga bag‘ishlab yozgan «Ostona qoldi» nomli she’ridan quyidagi satrlarni o‘qiymiz: 

O‘sdik dalalardan daraklar yozib, 

So‘ng ketdik she’riyat sirgohin kezib, 

Quyosh iplariga o‘zlarin osib 

– Oq terak, bukri tol, tug‘dona qoldi. 


Har tirik jon ishi – karvonga qiyos, 

Har qayga ketsang ham, ketish bor, xolos,

 Qoldi Ashurjiylon, Kundai Juvoz, 

Bizga vido aytib ostona qoldi... 

Bolalikning bitmas-tuganmas sog‘inchli olamini ko‘z oldimizga ko‘z-ko‘z qilayotgan shoirning dardli satrlarida o‘zi tug‘ilib o‘sgan tuproq odamlarining quvonch-u tashvishlari bo‘y cho‘zib turadi. Kuni-kecha shoir tahsil olgan Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi 5-umumta’lim maktabida Mirzo Kenjabek nomi bilan yangi kutubxona ishga tushdi. Ikki mingdan ziyod turli xil adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxonaning ochilish marosimida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid boshchiligida bir guruh ijodkorlar ishtirok etishdi. Tadbirdan qishloq ahlining quvonchi ichiga sig‘masdi. Bir paytlar mana shu chang ko‘chalarda to‘p tepib, yugurib yurgan oddiygina bolakay bugun o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ini O‘zbekistondek buyuk bir mamlakatga tanitdi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori, «Ma’naviyat fidoyisi» hamda Xalqaro «Oltin meros» medallari sohibi Mirzo Kenjabekning serqirra ijodi barchaga birdek manzur bo‘layotgani bejiz emas. Men u kishining «Xushxabar» nomli kitobidan ruhlanib, o‘zimning «Xushxabar» nomli g‘azalimni bitgandim:

Xushxabarlar keldi ko‘kdan xush navodir «Xushxabar»,

 So‘zlaringiz bog‘idan uchgan duodir «Xushxabar». 


Termiziylar poyida gullab chiqar yongan dilim,

 Jumla olam ahliga pok iltijodir«Xushxabar». 


Nozlanar ko‘nglim aro ishq yo‘liga parvona so‘z,

Tongda baxt birla saodatdan sadodir «Xushxabar». 


Kiprigimga osilib yerdan najot topganda yosh, 

Dilni sarxush aylagan toza havodir «Xushxabar». 


Maysalarning poyidan nur izlasam Oyimga deb, 

Misli qizg‘aldoq kabi koni hayodir «Xushxabar». 


Sarbaland tog‘lar aro jonim qolib ketgan makon, 

Men kabi burgutga ham afsona jodir «Xushxabar». 


Sen muhabbat qasrining Mirzosi bo‘l, Axtamquli, 

Ko‘zlaring mehrobida qo‘ngan ziyodir «Xushxabar»


O‘ylaymanki, yosh avlodning ma’naviy boyligi bo‘lgan nurli kutubxona kelajakda farzandlarimiz yo‘lini mangu yoritguvchi bebaho xazinaga aylansa, ajabmas!

 AXTAMQULI








Comments

Popular posts from this blog

MEN DEPUTAT BO‘LMOQCHIMAN!

DIQQAT, TANLOV! BOYLIKNI BOLALIKDAN ASRANG!

MEHR NURI YOG‘AR DOIM...

IJODKORLAR UCHRASHUVI

BIZ HAQIMIZDA

KO‘HNA TOL BESHIKDAN YARALGAN DUNYO

DUNYODAGI ENG YAXSHI O‘QITUVCHI