ONAM: «O‘QITUVCHIGA GAP QAYTARSANG, MENDAN XAFA BO‘LMA», DEGANDI

BOLALIK KUNLARIMDA…

Xalqimizga bolaligidan tanilgan mashhur insonlar bor. Ana shunday mashhurlardan biri, ota-onangizning bolalikdagi sevimli «Shum bola»si, siz miriqib tomosha qiladigan «Zirapcha», «Zumrasha» bolalar satirik telejurnallari badiiy rahbari – O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyevdir. Xayrulla Sa’diyev Respublika Yosh tomoshabinlar teatrida ijodiy faoliyatini boshlagan, teatr sahnasida «Revizor», «Etik kiygan mushuk», «Shum b

ola» kabi o‘nlab spektakllarda yodda qolarli rollarni ijro etgan. U kino olamida ham samarali mehnat qilib keladi. «To‘ylar muborak!», «Chinor», «Alpomish», «Chashma», «O‘tov», «Shaytanat», «Uch mushketyor», «Marg‘iyona» «Meshpolvon» kabi ko‘plab badiiy filmlardagi yaratgan rollari bilan millionlab muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan. Bugun biz Xayrulla bobodan «Tong yulduzi» muxlislari bilan bolalik xotiralarini o‘rtoqlashishlarini so‘radik.

SHOHINGUZARLIKMAN, AZIZLAR





















Shohinguzar qayerdaligini hozir aytaman. Eski Juvadan shunday tushasiz-u, Zarqaynar ko‘chasiga burilmay ketaversangiz, avval Ohunguzar keyin G‘ishtko‘prik keladi. Undan yuqorilab yurib borsangiz, Shohinguzarga yetasiz. So‘ngra Sebzor, Tarnovboshi, Taxtapul… 

Bularning oralari uncha uzoq emas. Baland ovozda chaqirsangiz, baralla eshitiladi. To‘g‘rirog‘i, avval shunday edi. Bu joylar Sebzor dahasiga qaraydi. Ko‘chamizning eski nomi Taxtapul. Men xuddi shu ko‘chaning 147-uyida, 1940-yilning qahraton qishida, qor gupillab yog‘ib, tizzaga yetgan 6-dekabr tongida tug‘ilgan ekanman. Qo‘shnimiz, Toshkentdek shahri azimning mashhur ayoli Rokiya achamiz doyalik qilgan ekan. Ayamning oyisi Roziya buvimlar tanglayimni ko‘tarayotib, «menga o‘xshab oyoq-qo‘llari chaqqon bo‘lsin», deb duo qilgan ekan. Duoning ijobat bo‘lganini qarang, doim chaqqon bo‘lib yurdim. Bolaligimda-ku, yerga ursa osmonga sapchir edim. Sochlarim jingalak-jingalak, o‘zim qorachadan kelgan, qiltiriqqinaman. Hadeb yuguravergach, qayerdan ham jir bitardi?! Buning ustiga u vaqtlarda ko‘rsatgan «hunarlarim»… (kuladi). Oilada bosh farzand bo‘lsam-da, ona mehri yo‘llarini yoritgan, ammo ota mehriga qonib-qonmagan bola edim. Otam – xalqimizning sevimli san’atkori Habib Sa’diy vafot etganida men juda yosh, Yodgor hali tug‘ilmagan edi. Men ukam Yodgorni otamning diydorini ko‘rolmaganiga achinaman. Biz – aka-ukalar shunchalar yaqin edikki, bir mayizni ham bo‘lishib yerdik. Juda yosh edim, dadamning bo‘yniga osilganlarim, erkalanganlarim yodimda...

 Ko‘chamizdan 6-tramvay o‘tardi. Imirsilab yurganidan uni «eshak arava» deyishardi, endi bilsam, tramvay ko‘chamizning torligi va bola-chaqani ehtiyot qilish uchun shunaqa sekin yurarkan. Bir kuni jin ko‘chamizdan otilib chiqib, tramvayga borib urilganman. Haydovchidan qo‘rqqanimdan tramvayning oldiga tushib, yugurib ketaveribman. Tramvaychi Yahyo amaki  tramvayni to‘xtatib, pastga tushib, «Hoy bola, yo‘ldan qoch», desa ham o‘rtadan ketaveribman. 

Juda a’lochi ham bo‘lmaganman, juda «ikki»chi ham bo‘lmaganman. Hamma bahodan bor edi. «To‘rt» sal ko‘proq edi, shekilli. Beshinchimi, oltinchimi sinfda o‘qisam kerak-ov, og‘aynilarim «yur» dedimi, yo men ularni ishga soldimmi, esimda yo‘q, harqalay uch-to‘rtta bola Sobir Rahimov ko‘liga bordik. U shundoq Taxtapulda edi. Kaykovusning o‘ng qo‘lida, hoynahoy, suvi ham undan olingan edi… Ayamga aytmay ketganman. Bir-ikki suvga sho‘ng‘iyman-u, uyga qaytaman. Reja – shu! Suvga tushib, etimni o‘ldirib oldim-da, lip etib daraxtga chiqvoldim. Mo‘ljal daraxtdan kalla tashlash. «Bir... ikki... uch!» deb shunaqangi kalla tashladimki... o‘ziyam «vizz» etib uchib ketdim. Bir vaqt boshim bir narsaga qattiq tekkanini sezdim. Sezdim-u, bola emasmanmi, nima bo‘lganini farqlay olmadim. Voy, deya olmayman, og‘zimga suv kirib ketadi. Suzolmayman, chunki boshim g‘alati bo‘lib ketyapti. Yaxshiyamki, «aqlli» bolaman, darrov qirg‘oqqa chiqib oldim. Endi bemalol «voy-voy»layveraman. Boshimni ushlasam, mushtumdek g‘urra. Shu ushlaganimcha o‘tirib qoldim. Hammasidan ham og‘aynilarimning menga achinishlari yoqardi. Sal o‘zimga kelgach, qarasam, shunday qirg‘oqqa kalla qo‘ygan ekanman. Og‘risayam qonamaganiga suyunganman. Axir ayam urishardi-da.

QUYOSHGA QIYOS ETGUM… 

Ayamni – onajonimni ta’riflashga shunchalar ojizmanki… faqat uni bu yorug‘ olamda yakka-yu yagona bo‘lgan quyoshga o‘xshatgim keladi. Issiq taftlarini hamon his qilaman. Bir kuni ayamni yomon xafa qilib qo‘yganman. U vaqtda ikkinchi sinfda o‘qirdim. O‘sha kuni og‘aynilarim kinoga ketishayotgan ekan, ular bilan birga borgim kelib qoldi. Yoz paytimasmi, ayam supachada to‘shagimning yungini chiqarib, savalayotgan ekan. «Kinoga tushaman» deb turib oldim. «Yo‘q» deganiga qaramay, boraman deb rosa yig‘lab berganman. Ayam savagichni olib quvlagan, senmisan, o‘zboshimchalik qilib kinoga tushaman, deydigan deb...

Mana bunisida esa... Maktabda tanaffus vaqti edi. Sinfdoshlarim «Ayang keldi», deb qolishdi. Quvonib, yugurib oldiga bordim. Sinf rahbarimiz bilan turgan ekan. Men o‘sha hafta sho‘xliklarimni kamaytirib, «yaxshi bola» bo‘lishga astoydil tirishayotgan edim. Har holda o‘qituvchim maqtagandir degan ilinjda yaqinlashdim. Kutilmaganda, ayam yuzimga tarsaki tushirdi. Men og‘riqdan, uyatdan yig‘lab yubordim. Uyda to‘polon qilsak ham ayam sira-sira urmasdi-ku, nega bugun?.. Keyin bilsam... Yana to‘polon qilsang, o‘qituvchiga gap qaytarsang, mendan xafa bo‘lma», dedi shahd bilan. O‘shanda meni urishga urib, o‘zi ham yig‘lab yuborgan. Ayam boshqa hech qachon urmagan. 

SHUM BOLA BO‘LIB QOLDIM

Sevimli adibimiz G‘afur G‘ulomning «Shum bola»sini ilk bor ekranda men talqin qilgan edim. Rejissor Ganja Yoqubov spektakl yarataman deb qoldi. Unda bosh rolni men o‘ynaydigan bo‘ldim. Uch qismdan iborat «Shum bola» telespektakli birinchi qismining premyerasi 1967-yilning 1-apreli oqshomida bo‘lib o‘tdi. Ertasi kuni tongda men xalqimiz uchun «Shum bola» bo‘lib uyg‘ondim. Lutfulla esa Omon. Endi hamma yoqda uydayam, ko‘chadayam, bozordayam ikkita odam uchrashib qolsa, «Shum bola» haqida gap, xursandchilik gapi, quvnoq gap. «Shum bola» ko‘rsatilayotgan vaqtda ko‘chalarda odamlar siyraklashib qolardi. U tugagach, ko‘chalar avvalgidek jonlanib ketadi. Biz esa rollarimizni yurak-yurakdan o‘ynab bo‘lgach, bo‘yoqlarni artib, kiyimlarni o‘zgartirib, yengil tortamiz va uy-uyimizga oshiqamiz. Atrofimizda baxt va saodat yog‘ilayotgandek. «Shum bola» telespektaklida ancha-muncha yerim momataloq bo‘lgan. Imomnikida molini so‘yamiz, deb eshagini so‘yib qo‘ygan sahna  bor-u, o‘shanda imomdan qochaman, deb yerda turgan egarga chunonam qoqilganmanki… Onamni ijro etayotgan Muhabbat opa Yo‘ldosheva repetitsiya vaqtida po‘pisa qilib, o‘qlovni boshimga sal tekkizib qo‘yardi. Spektakl vaqtida esa rostakamiga urgan. Voy og‘rigani, voy og‘rigani. Dodlab yuboray deganman. Hoji bobo (Sa’dulla Anorqulov) hassasi bilan shum b o l a n i urishi kerak bo‘lgan sahna bor. Men chap berib qochishim kerak. Qayoqqa chopsam ham hassa cho‘zilib borib, menga «yetib olar» va boplab urardi. Buni ham repetitsiya vaqtida bildirishmagan ekan. Xullas, gulni gul dermu kishi gulning tikoni bo‘lmasa, deydilar-u, bu ham shunday bo‘lgan-da. San’atkor, ayniqsa, teatr aktyori onda-sonda bo‘ladigan bunday jismoniy azoblarga tayyor turishi kerak. Bo‘lmasa, «Suvdan holva yasagandek» gap bo‘lib qoladi.














Rejissorning endigi niyati telespektaklni suratga olish va kelajak avlod uchun asrab qo‘yish edi. Bu rejani eshitib, biz aktyorlarning boshimiz osmonga yetgandi. Shu sabab, yanayam kuchli tayyorgarlik ko‘ra boshladik. Hamma ishtirokchilar kunduzi teatrdagi ishlarni bajarar va kechqurun soat oltiga studiyaga yetib kelardik. Ko‘rsatuvlar tugab, atrof jim-jit bo‘lgach, tungi o‘n ikkidan ertalabki soat oltigacha eski studiyaning katta va kichik zallarida «Shum bola» suratga olinardi. U tugagach, biz g‘oyat quvonardik. Chunki u yangi avlod uchun muhrlanayotgan edi. Afsus... afsus bu niyatlar va sevinchlar uzoqqa bormadi. Kunlarning birida bu yerning oq-u qorasini biladigan G‘ayrat akam suratga olingan kinotasmaning yoqib yuborilayotgani ustidan chiqib qolibdi va «Nima qilyapsizlar?» deb baqirib ham yuboribdi. Qolgan kinotasmani ulgurganlaricha qo‘lidan olishga urinibdi. Bu, o‘sha, onda-sonda biron munosabat bilan ko‘rsatib turiladigan «Shum bola va Omon» sahnasi edi. Buni eshitgach, jigarimni birov yulib olgandek bo‘ldi. Ayting-chi, «Shum bola»ga kim shunday qahri qattiqlik  qilgan? Kim uni shu darajada ayamagan edi?! Men hatto buning sababini ham uncha yaxshi bilmasdim. Mana, endi bilaman. O‘sha vaqtlarda kinotasma kuydirilib, undan tushgan bir necha tomchi qo‘rg‘oshin Moskvaga jo‘natilardi. Yangi kinotasma tayyorlash uchun. Shu bir necha tomchi qo‘rg‘oshin ba’zan tarixni o‘chirish uchun, inson mehnatini yo‘q qilish uchun yetar ekanda. Ana, do‘stlarim, bugungi kunning qadriga nechog‘lik yetmoq kerak!

Hayot xo‘p qiziq ekan-da. Yoshligingda uncha-munchaga e’tibor bermas, hatto tushunmas ham ekansan. Ko‘zingga hayotning nuqul go‘zal tomonlari ko‘rinaverarkan. «Romantika», sal «xayolparastlik» degan narsa bor-ku, u seni bag‘riga olaverarkan, seni ko‘klarga xayolan parvoz ettiraverarkan. «Sen dunyoda eng kuchlisan, tog‘ni ursang, talqon qilasan». Eh-he, ko‘nglingning bunday chaqiriqlari seni yondiraverarkanyondiraverarkan. Go‘yo, otash kabi. Sen ham bunday otashlarga «labbay» deya, yo‘l-yo‘lakay uchraydigan qiyinchiliklarga e’tibor bermay, shahdam qadam tashlab boraverarkansan.














DILDAGI SO‘ZLAR

Men hozirgi yoshlarimizning mehnatsevar bo‘lishlarini, peshona ter bilan topilgan pulni qadrlashni o‘rganishlarini istardim. Yengil topilgan pulning barakasi bo‘lmaydi, tatimaydi. Men Lutfilla bilan birga o‘sganman. O‘zbekiston xalq artisti, rahmatli Lutfulla Sa’dullayev desam, tanisangiz kerak. Oramizda o‘n ikki kunlik farq bor, xolos. Amakivachchamiz. Bizni bolaligimizdan mehnatga o‘rgatishgan. Amaki, tog‘alarimiz uy-joy quradigan bo‘lsa, loy qorishga, g‘isht quyishga yordamlashardik. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hozirgacha ham hech qanday mehnatdan qo‘rqmaymiz. Hozirgi kunning «Shum bolajon»lari, ilm o‘rganishga, til o‘rganishga intiling, aslo kam bo‘lmaysiz. 

Aziz ABDUMALIK suhbatlashdi.

Comments

Popular posts from this blog

MEN DEPUTAT BO‘LMOQCHIMAN!

DIQQAT, TANLOV! BOYLIKNI BOLALIKDAN ASRANG!

MEHR NURI YOG‘AR DOIM...

IJODKORLAR UCHRASHUVI

BIZ HAQIMIZDA

KO‘HNA TOL BESHIKDAN YARALGAN DUNYO

DUNYODAGI ENG YAXSHI O‘QITUVCHI